2017 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017 yil 18 mart shanba dam olish kunini 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

Prezident qarorida umumxalq Navro‘z bayramining mamlakat ma'naviy hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e'tiborga olib hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

2017 yil 18 mart shanba dam olish kuni 2017 yil 20 mart dushanba kuniga ko‘chirildi va ish kuni deb hisoblandi.

2017 yil 20 mart dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilindi.

Mazkur qaror haqida internet tarmoqlarida xabar tarqalgach, ko‘pchilikda dushanba kuni kimlar dam olishi bo‘yicha savollar paydo bo‘ldi.

O‘quvchilar sayt tahririyatiga bu borada ma'lumot so‘rab murojaat qilishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilar bu borada o‘z fikrlarini bildirishmoqda. Unga ko‘ra, 19 mart, yakshanba kuni 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan uchun ish kuni va ta'lim muassasalarida o‘qish kunlari deb e'lon qilinishi mumkinligi aytilgan.

«Mehnat vazirligining 2017 yil 17 martdagi ish vaqtlari hajmi bo‘yicha ma'lumotda, 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun mart oyida 25 kun ish kuni bo‘lishi ma'lum qilingan. Bu degani yoki yakshanba, yoki dushanba kuni ish kuni bo‘ladi. Biroq Prezident qarorida dushanba dam olish kuni deb e'lon qilinganligi sababli, katta ehtimol bilan yakshanba kuni ish kuni bo‘lsa kerak», deyiladi jumladan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi yakshanba kunini o‘qish deb e'lon qilish haqida buyruq tayyorlayotgani haqida xabarlar mavjud.

«Kun.uz» sayti bu haqda ma'lumot olishni istab, tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, rasmiy ma'lumot olishni istadi. Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi kun davomida qo‘ng‘iroqlarga javob qaytarmadi.

Xalq ta'limi vazirligi esa juma kuni tugayotgan mahalda bu borada loyiha tayyorlanayotgani, aniq ma'lumot tez orada bo‘lishini bildirdi.

Mehnat vazirligidagi manba 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar 19 mart kuni dam olib, 20 mart kuni, ya'ni prezident tomonidan dam olish kuni deb e'lon qilgan kunda ishlashi haqida ma'lumot berdi. Shu bilan birga u bu ma'lumotni rasmiy deb ayta olmasligini qo‘shimcha qildi.