21:55 / 17.03.2017
4731

MSKda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazildi

17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov bilan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning direktori Mixael Georg Link boshchiligidagi delegatsiyaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Komissiya tomonidan saylov qonunchiligini va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar va uning faoliyati haqida so‘zladi.

YeXHT DIIHB direktori O‘zbekistonda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalariga, xususan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga berilayotgan e'tiborni yuqori baholadi.

Uchrashuv chog‘ida ta'kidlanganidek, YeXHT vakillari O‘zbekiston saylovlarida kuzatuvchilar sifatida 1999 yildan buyon faol ishtirok etib kelmoqda, saylov to‘g‘risidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylovlarni demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va erkin o‘tkazish maqsadida YeXHT DIIHBning takliflari har tomonlama o‘rganilib, inobatga olinmoqda.

O‘zaro munosabatlarni davom ettirish, kelgusi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazida ham YeXHT DIIHB delegatsiyasining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid
Top