17:10 / 18.03.2017
13107

Buxoroda so‘nggi yillarda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari oshdimi?

Joriy yil 18 mart kuni xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi, viloyat hokimi O‘.Barnoyev boshqardi.

Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A. Azizov so‘zga chiqdi.

Ta'kidlanishicha, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikning oldini olish, jamiyatda sog‘lom barqaror muhitni ta'minlashda ichki ishlar tizimi hamda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hududda bu borada qo‘lga kiritilgan talay yutuqlar barobarida yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina.

Xususan, so‘nggi yillarda hududda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari oshayotgani qayd etilmoqda. Eng achinarlisi, jahon ma'naviy tamadduni beshiklaridan biri sifatida e'tibor qozongan hududda qotillik, zo‘ravonlik, talonchilik jinoyatlarining sodir etilayotganligidir.

2016 yilda ana shunday turdagi 11 ta jinoyat ochilmay qolgan.O‘g‘rilik jinoyatlarining esa 10 foizi fosh etilmagan.

Shuningdek ma'ruzada viloyatda firibgarlik, voyaga yetmaganlar va ayollar jinoyatchiligi sonining oshayotganligi, qidiruvdagi shaxslar va bedarak yo‘qolganlarni izlab topishdagi ko‘rsatkichlarning pastligi, diniy ekstremistik oqimlarga moyil shaxslar bilan ishlash borasidagi muammolar tahliliga ham e'tibor qaratildi.

Vazir o‘z so‘zida ichki ishlar tizimi xodimlarining asosiy vazifasi faqatgina sodir etilgan jinoyatlarni ochish, jinoyatchilarni ushlash emas, balki aholi o‘rtasiga chuqur kirib borgan holda jinoyat sabablarini o‘rganish, ularning oldini olish ekanligini, Prezidentimiz tomonidan har haftaning payshanba kuni Profilaktika kuni sifatida e'lon qilinishi zamirida ham ana shu maqsad ilgari surilganligini ta'kidladi.

Top