16:57 / 18.03.2017
6624

Janubiy Koreya kompaniyasi Inha universiteti rahbariyati bilan uchrashdi

“Jeonbuk” texnoparki direktori Li Yan Chun rahbarligidagi Janubiy Koreya delegatsiyasi 2017 yilning 16 mart kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
 
IUT’ning birinchi prorektori, professor Cho Vu Sug mehmonlarga axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislarni tayyorlaydigan O‘zbekiston-Koreya universitetining faoliyati, o‘qituvchi hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, universitetning o‘quv dasturi to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.

Taqdimotdan shuningdek, IUT’ning o‘quv dasturini takomillashtirish va infratuzilmani rivojlantirish to‘g‘risidagi rejalari ham o‘rin oldi.

O‘z navbatida, Li Yan Chun “Jeonbuk” texnoparkining faoliyati taqdimotini o‘tkazdi. Texnopark 2013 yilda tashkil etilgan. Texnoparkda turli ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda ishlab chiqarish kompaniyalari faoliyat ko‘rsatadi.

Qayd etildiki, “Jeonbuk” texnoparki rahbarligidagi konsorsium qishloq xo‘jaligi texnikasini loyihalash bo‘yicha “R&D” markazni yaratish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi. Loyihaning bahosi 6,5 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida koreya tomoni uskunalar va dasturiy ta'minotlarni yetkazib beradi, hamda mahalliy mutaxassislarni o‘qitib beradi.

Muzokaralar davomida tomonlar mazkur loyihani amalga oshirishga universitet talabalarini jalb etish masalasini muhokama qildilar. Tomonlar, shuningdek boshqa sohalarda, jumladan, tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashish bo‘yicha ham hamkorlik masalasini ko‘rib chiqishdi.

Delegatsiya shuningdek, o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Mavzuga oid
Top