09:21 / 20.03.2017
5579

AQSh politsiyasining sobiq rahbari Nyu York aeroportida bir yarim soat ushlab turildi

Amerikaning Grinvill shahri (Shimoliy Karolina shtati) politsiya boshqarmasining sobiq rahbari bir yarim soatga hujjatlarini tekshirish maqsadida Nyu York xalqaro aeroportiga ushlab qolingan. NBC telekanalining xabar qilishicha, 52 yoshli Hasan Aden Parijdan uyiga qaytayotgan bo‘lgan. U, shuningdek, tekshiruv jarayonida shaxsiy mobil telefonidan foydalanish huquqidan ham mahrum etilgan. 

"Men ma'lumotlar bazasi qanday ishlashini bilaman. Qo‘lida pasporti bor fuqaroni tekshirish uchun roppa-rosa bir yarim soat vaqt ketmaydi", - degan sobiq politsiyachi. U 27 yilga yaqin huquq-tartibot idoralarida ishlagan va hozirda Aleksandriya (Virjiniya shtati)da istiqomat qiladi. Adenning fikricha, 13 mart kuni uni "umuman asossiz ravishda ushlashgan va qonunga zid ravishda munosabatda bo‘lishgan". "Men o‘z harakatlarimda umuman erkin bo‘lmadim", - deb qo‘shimcha qilgan Hasan Aden. 

Adenning aytishicha, u Italiyada tug‘ilgan, 42 yil muqaddam AQSh fuqaroligini qabul qilgan. U Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiyadagi qarindoshlaridan tez-tez xabar olib turadi. Aden Parijga 80 yoshli onasining tavallud kuniga borgan. Amerikalikning aytishicha, ushbu noxush hodisa uni boshqa mamlakatlardagi yaqinlari va qarindoshlarinikiga mehmonga borishdan qaytara olmaydi. "Mamlakatimda milliy xavfsizlik bahonasi bilan ayrim huquqlar poymol etilmoqda", - deya qayd etgan sobiq politsiya rahbari. 

Top