10:14 / 21.03.2017
5712

Turkiya BMT hakamini ozod etishdan bosh tortdi

Turkiya 2016 yilning sentabrida davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib qo‘lga olingan hakam Oydin Sefa Akayni ozodlikka chiqarmaydi. Mamlakat Ruanda va sobiq Yugoslaviya bo‘yicha jinoiy tribunallar uchun Xalqaro mexanizm talablarini bajarmaydi. Bu haqda Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili Faridun Sinirlio‘g‘li Xavfsizlik Kengashiga yo‘llagan maktubida aytib o‘tgan.

Diplomatning eslatishicha, Turkiya fuqarosi bo‘lgan Oydin Sefa Akay “fathullohchilar terrorchilik tashkiloti a'zosi ekanligida ayblanib” hibsga olingan.

"Bu holat Turkiya jinoyat kodeksi bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan", - deya ta'kidlab o‘tdi Sinirlio‘g‘li. Uning so‘zlariga ko‘ra, hakam daxlsiz bo‘lmagan, sababi u “faoliyati tashqarisida amalga oshirgan ishlari uchun” qo‘lga olingan.

Oydin Sefa Akay – ishlardan biri bo‘yicha apellyatsiya komissiyasi a'zosi bo‘lib, uning ishi Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunal tomonidan ko‘rib chiqilishi hali yakuniga yetmagan. Xalqaro tribunal 31 yanvar kuni hakamni “14-fevraldan kechiktirmay” ozod qilish va unga nisbatan barcha jarayonlarni yopishni talab qilib qaror chiqardi.

BMT sud tuzilmasida ta'kidlanishicha, bu qaror Turkiya uchun huquqiy jihatdan majburiyat yuklaydi. Bir oydan so‘ng xalqaro mexanizm BMT XKga Akayni ozod qilishga erishish haqida iltimos bilan chiqdi.

Turkiya doimiy vakilining ma'lum qilishicha, Xalqaro mexanizm “o‘ziga Xavfsizlik Kengashi tomonidan yuklatilgan mandat doirasidan chiqib ketgan”. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, qaror mamlakat ichki ishlariga “qo‘pol aralashuvga yo‘naltirilgan xatti-harakatdir”.

Uning umid bildirishicha, Xavfsizlik Kengashi bu holatda “mexanizm va uning raisiga vakolati va mas'uliyati haqida eslatib qo‘yadi”.

Top