Fransiya prezidentlik lavozimiga nomzodlar birinchi teledebatlarini o‘tkazdi. 

20 mart, dushanba kuni 5 nafar nomzod teledebatlarda yuzma-yuz uchrashdi. Bu esa kim uchun ovoz berishini aniqlamagan ko‘p sonli saylovchilarga ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Ilk teledebatlarda mavjud 11 nomzoddan asosiy 5 nomzod: «Milliy front» partiyasi yetakchisi Marin Le Pen, «Olg‘a» harakati yetakchisi, mustaqil nomzod Emmanuel Makron, Respublikachilar partiyasidan (o‘nglar) nomzod Fransua Fiyon, sotsialist Benua Amon va «Isyonkor Fransiya» partiyasi (so‘llar) raisi Jan-Lyuk Melenshon uchrashdi.

BFMTV telekanali buyurtmasi bilan Elabe tadqiqot kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, bu oqshomda Makron nisbatan ustunlik ko‘rsatgan (29 foiz). Undan keyin Melanshon (20 foiz), Le Pen (19 foiz), Fiyon (19 foiz) va Amon (11 foiz) joylashgan.

Figaro gazetasi sayti o‘tkazgan va 54,9 ming kishi ishtirok etgan so‘rovga ko‘ra, Fiyon ustun kelgan - 36 foiz. Sobiq bosh vazir ortidan joylashuvchilar quyidagi tartibda: Makro - 24 foiz, Le Pen - 18 foiz, Melanshon - 17 foiz va Amon - 5 foiz. 

Muhojirlar qabul qilinadimi yoki yo‘qmi? Qanday shartlar bor?

Barcha nomzodlar xavfsizlik masalasi va terrorizmga qarshi kurashni birinchi galdagi vazifa sifatida ma'lum qilgan. Lekin ularnning bu muammolarni hal qilish yo‘llari turlicha.

Bir vaqtning o‘zida ham o‘ng ham so‘l bo‘lishga intilayotgan Makron bir tomondan noqonuniy migratsiyaning oldidan olish uchun chegaralarni mustahkamlashni taklif etmoqda. Boshqa tomondan esa bu masalaga mas'uliyat bilan yondashib, kim yordamga va himoyaga muhtoj bo‘lsa, ularni qabul qilishni istamoqda.

"Men YeI bilan kelishilgan izchil va kuchli, shu bilan birga bizning tamoyillarimizga mos keluvchi pozitsiyani taklif etaman", — degan sobiq iqtisodiyot vaziri.

"Janob Makronning fikriga qarshi fikrim bor. U Berlinga safari chog‘ida Germaniya kansleri siyosatini ma'qullagandi. Bu siyosatni hatto uning do‘stlari ham qoralagan, chunki muhojirlarning hammasi ham tuzumdan qochgan siyosiy qochqinlar bo‘lmaydi. Albatta, Suriyadan ko‘pchilik keladi, ammo undan ham ko‘p kishi dunyoning turli burchaklaridan kambag‘allikdan qochib keladi. Bu masalani hal etish Yevropa oldida turgan katta vazifadir", deya javob qaytargan u muxolifiga.