14:24 / 22.03.2017
13634

1 trillion dollarlik kompaniya: Apple rekordga yaqinlashmoqda

So‘nggi vaqtlarda Apple aksiyalari rekord baland darajada savdo qilinmoqda. Ular yil boshidan beri 25 foizga o‘sdi – bu Dow Jones indeksidagi barcha kompaniyalar orasidagi eng yaxshi natija

Shu tariqa, ayni damda Apple qiymati 750 mlrd dollarga baholanmoqda. Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi Alphabet (590 mlrd)dan 160 mlrd dollarga ko‘proq.

Nima uchun Apple’ning ishlari shunday yaxshi ketmoqda? Qanday qilib Apple trillion dollarlik ko‘rsatkichga erishishi mumkin?

iPhone 8 chiqarilishi borasida fikrlar
 
Uoll-Strit yangi iPhone 8 chiqishini intiqlik bilan kutmoqda. Ba'zi tahlilchilarning fikricha, o‘n yillik yubiley munosabati bilan smartfonga iPhone X nomi beriladi.

Internet turli xil mish-mishlar va yangi qurilmaning o‘ziga xos jihatlari borasidagi gap-so‘zlarga to‘la. “Uyga” tugmachasining yo‘qligi. Simsiz quvvatlantirish. Virtual reallik funksiyasi. Yuz skaneri va hokazo.

Kompaniyaning kelajagi aynan shu iPhone’ga bog‘liq. Apple o‘z daromadlarini diversifikatsiya qilishga urinayotganiga qaramay, aynan smartfonlar daromadning 70 foizini keltiradi hamda yangilangan iPad ham, yangi Apple Watch’lar ham, iMac ham bu vaziyatni o‘zgartira olmaydi. Sarmoyadorlar iPhone 8’ni kutishmoqda.

Uoll-stritning fikricha, keyingi iPhone albatta xitga aylanadi, biroq Apple bosh raqobatchisi — Samsung ham bozorga yangi qurilmasini chiqaradi.

Tahlilchilar ayni damda Apple’ning kelajagiga ancha ijobiy munosabatda: aksiyalar barqaror ravishda o‘smoqda hamda kompaniya trillion dollarlik ko‘rsatkichga asta-sekin yaqinlashmoqda. Bu darajaga yetish uchun esa Apple qimmatli qog‘ozlari yana 33 foizga qimmatlashishi kerak – bir dona uchun 190 dollar. 

Tramp tomonidan va'da qilingan soliq islohoti

Biroq Apple’da juda yuqori darajaga chiqish uchun iPhone 8’dan boshqa yana bir sabab bor – bu Donald Tramp va'da qilgan soliq islohoti.

Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida AQShga daromad keltiradigan korporatsiyalar uchun soliqlarni pasaytirishga va'da bergandi. Bu esa Microsoft, Alphabet va Cisco kabi yirik o‘yinchilar mamlakatga katta miqdordagi mablag‘larni qaytarishlari mumkinligidan dalolat beradi. Shundan so‘ng kompaniyalar o‘z aksiyalarini xarid qilishlari, dividendlarni oshirishlari, katta salohiyatga ega startaplarni sotib olishlari va hattoki yangi ishchilarni ishga yollashi mumkin.

Agarda prezident o‘z va'dasini bajarsa, Apple AQShga 230,2 mlrd dollar qaytarishi mumkin, ular ayni damda xorijda saqlanmoqda. Bu Amerikaning ba'zi yirik kompaniyalari - Walmart, P&G, Visa, Disney va Coca-Cola’ning bozordagi qiymatidan ko‘proqdir.

Top