16:42 / 22.03.2017
31076

Fuqarolik bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish kiritildi. Farmonning to‘liq matni bilan Lex.uz qonun hujjatlari milliy bazasida tanishish mumkin.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi quyidagi hollarda yo‘qotilishi mumkin:

a) O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan uning chet el davlati armiyasiga harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmatiga, shuningdek politsiyasiga, adliya organlariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlariga ishga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar yoxud boshqa ishonchli ma'lumotlar mavjud bo‘lsa;

b) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs uch yil mobaynida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

Uch yillik muddat tartibi faqatgina 16 yoshga to‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi, ularning ota-onalari yoki ulardan birining iltimosnoma berganligi hollari bundan mustasno. Iltimosnomaga 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning notarial tasdiqlangan roziligi ilova qilinadi.

v) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi oldindan bila turib yolg‘on ma'lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa;

g) agar shaxs chet el davlati foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa;

d) agar shaxs chet el davlati fuqaroligini olgan bo‘lsa;

Manfaatdor vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqarolarga nisbatan hujjatlarni Ichki ishlar vazirligiga yuboradi. Ichki ishlar vazirligi hujjatlarni va Tashqi ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmatining xulosasini qabul qilib, ularni o‘zining hujjatlari va xulosasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha Komissiyaga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni hamda manfaatdor vazirlik va idoralarning xulosalarini ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan qaror qabul qilish uchun taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotishni rasmiylashtirish masalalariga oid hujjatlarni tayyorlashda fuqarolikni yo‘qotgan deb topilayotgan shaxsni bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida xabardor qilish choralari ko‘riladi.

Xabardor qilish o‘rnatilgan tartibda shaxsning yashash joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Shaxsning turar joyi haqidagi ma'lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, uning oxirgi yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarini yoki yaqin qarindoshlarini xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni chiqqan kundan boshlab yo‘qotiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotishni rasmiylashtirish masalalariga oid hujjatlarni tayyorlash tartibi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda belgilanadi.

Top