O‘zbekiston | 23:25 / 22.03.2017
10004
3 daqiqa o‘qiladi

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘tkazilishi sanasi belgilab olindi

2017 yil 22 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisini shu yilning 28-29 mart kunlari Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisi kun tartibiga mamlakat ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarini bosqichma-bosqich isloh qilishga hamda erkinlashtirishga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarishga doir Davlat dasturini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ijro etishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilmoqda. 

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuniga, "O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan bir qatorda yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning), O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotlarini eshitadilar.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama etiladi.

To‘qqizinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devoni faoliyatini muvofiqlashtirish uchun tegishli ishchi guruh tashkil etildi.

Mavzuga oid