11:59 / 22.03.2017
53979

Olmaota-Toshkent tezyurar poyezdi yo‘lga tushdi (foto)

“Olmaota-2” temir yo‘l vokzalidan Olmaota-Toshkent tezyurar poyezdining ilk reysi yo‘lga chiqdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Poyezd Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan 29ta "Tulpor-Talgo" vagonlaridan iborat. Poyezdda to‘rt sinfdagi vagonlar bor. "Lyuks" vagonlar dush xonalari, sanitariya uzeli va televizorlar bilan jihozlangan. Har biridagi o‘rindiqlar ikki kishiga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, vagonlar imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar talabiga maksimal darajada moslashtirilgan. 

Ikki o‘rinli biznes-sinfidagi kupe yuz-qo‘llarni yuvgichlar va ikki qo‘shni kupeni bittaga birlashtirish imkoniga ega. Bu farzandlari bilan yo‘lga chiqqanlar uchun qo‘l keladi. To‘rt o‘rinli kupe vagonlarining maydoni ham, o‘rin joylari hajmi ham kattalashgan. Iqtisod-sinfidagi ikki vagonning har birida 36ta o‘rin bor – ixcham o‘rindiqlar va kenglik ancha hamyonbop narxda qulay shart-sharoitlarda safar qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, poyezdda alohida vagon, vagon-restoran va vagon-bar ham bor.

"Kazaxstan temir joly" (KTJ) AJ vitse-prezidenti Erik Imashevning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidentining kelishuvi asosida tashkil etildi. “Temir yo‘llari birlashtirishi kerak, hamda yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi ikki xalqning o‘zaro yaqinlashishiga yanada turtki beradi”, - degan Erik Imashev. 

Poyezd Olmaotadan dushanba va shanba kunlari, Toshkentdan seshanba va yakshanba kunlari yo‘lga chiqadi. Manzilga 16 yarim soatda yetib boradi. Poyezd yo‘l davomida Otar, Chu, Taraz, Chimkent, Sariog‘och stansiyalarida to‘xtab o‘tadi.

Ostona va Toshkent imkoniyati cheklangan hamda ularga hamroh yo‘lovchilar uchun 70 foiz miqdorida chegirma berish to‘g‘risida kelishib olishdi.

 

Top