16:22 / 23.03.2017
12573

Qozog‘iston O‘zbekistonga Xitoy va Rossiya bozorlarini birgalikda to‘ldirishni taklif qildi

Qozog‘istonlik tadbirkorlar o‘zbekistonlik hamkasblariga Xitoy va Rossiya bozorlarini to‘ldirish uchun kooperatsiya asosida birlashishni taklif etishdi. Bu haqda «Kazinform» xabar bergan.

«Qozog‘istonning yonida ikkita juda katta bozor joylashgan: Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bozorlari. Bu juda katta bozorlar bo‘lib, ularni faqatgina Qozog‘iston tadbirkorlari kuchi bilan o‘zlashtirish juda murakkab, sababi bu mamlakatlardan keladigan buyurtmalar hajmi juda katta. Albatta, Qozog‘iston hamda O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasidagi kooperatsiya bu bozorlarga chiqish uchun katta imkoniyatni taqdim etadi», - deya xabar qildi «Atameken» milliy ishbilarmonlar palatasi boshqaruvi raisi Nurjon Altayev qozoq-o‘zbek forumida hisobot bilan chiqish qilib.

Uning ta'kidlashicha, ayni damda O‘zbekistonda Qozog‘iston ishtirokidagi 230 korxona faoliyat olib borsa, Qozog‘istonda – O‘zbekiston rezidentlari ishtirokidagi 130dan ortiq korxona ishlamoqda.

«Bu ko‘rsatkichlarni bir necha barobarga oshirish mumkin. Biz juda katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz. Har ikki davlat biznesni rivojlantirish uchun katta imkoniyatga ega: bu ham yer, ham inson resurslari, ham sanoat salohiyati, ham istiqbolli ichki mintaqaviy bozor (mamlakatlarimiz aholisi soni 50 millionga yaqinlashib kelmoqda)», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Altayev.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi doirasida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida 840 mln dollardan ortiq 92ta kelishuv imzolandi. Bugun forum yakuni bo‘yicha qiymati 94 mln dollar bo‘lgan o‘nta hujjat imzolanadi. 

Top