Qo‘qonda noxush hodisa. Ona va farzandlari halok bo‘ldi
Qo‘qon shahrida yong‘in tufayli bir oilaning 3 a'zosi halok bo‘lgan. Bu haqda sayt tahririyatiga telefon qo‘ng‘irog‘i orqali ushbu shaharda istiqomat qiluvchi manba xabar berdi.
U hodisa sababini aniq ayta olmasligi, yong‘inga balki gazdagi nosozlik, balki elektr tokidagi nosozlik sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
«Kun.uz» bu borada rasmiy ma'lumot olish uchun IIV qoshidagi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining Farg‘ona viloyati bo‘limiga murojaat qildi.
Viloyat bo‘limidagilar avvaliga bu haqda Qo‘qon shahri bo‘limidan aniq ma'lumot olish mumkinligini bildirdi. Shahar bo‘limida esa ma'lumotlar yuqoriga yo‘llangani haqida aytilib, mavjud ma'lumotni bera olmasliklari ma'lum qilindi.
Ikkinchi safar Farg‘ona viloyati bo‘limiga murojaat qilinganida esa, bu haqda respublika boshqarmasidan so‘rash kerakligi aytildi. Ya'ni, voqea rostdan ro‘y bergani tan olindi, ammo bu voqea rostdan ro‘y berganini rasman tasdiqlay olishmadi.
Natijada, sayt xodimi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan bog‘landi. Boshqarma navbatchisi esa viloyatdan kelgan hisobotni o‘qib berdi.
Unga ko‘ra, 23 mart kuniga o‘tar kechasi, tungi soat 01:40da Qo‘qon shahri Taraqchilik ko‘chasi 12-uyda yong‘in ro‘y bergan.
R.Qodirov va uning oilasi ijarada turgan uyda yong‘in chiqqan. Uning rafiqasi M.Qodirova hamda 8 va 4 yoshlardagi ikki o‘g‘li hodisa qurboniga aylangan.
Uyning 100 kv m maydondagi hududi yongani, yong‘in oila a'zolari uxlab yotgan boloxonaga yetib bormagani, ammo ular zahardan bo‘g‘ilib jon bergani aytilgan.
Yong‘in sabablari ayni vaqtda aniq emas, tegishli tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Sayt manbasining xabar berishicha esa voqea ro‘y bergan hududda ayni vaqtda gaz quvurlari kesib tashlangan. Bu hudud aholisi hozirda gaz ballonlaridan foydalanadi. Bu esa fojianing sababi haqida turli taxminlarni paydo qiladi.
Shu tufayli imkon qadar tez vaqt ichida hodisa sabablari o‘rganilib, tafsilotlari ma'lum qilinishiga zarurat mavjud.
Shu o‘rinda yana shuni ta'kidlash joizki, bu ma'lumotlar kun davomidagi ko‘p mashaqqatlar bilan qo‘lga kiritildi. Bu hodisa haqida sayt o‘quvchisi dastlabki xabarni bermaganida "yopig‘liq qozon yopig‘ligicha" qolishi ham mumkin bo‘lgandi.
22 mart kuni Farg‘onada 18 mart kuni gaz portlashi haqida berilgan xabar manbasi ham shaharda bunday hodisalar ko‘p ro‘y berishi, aksar hollarda bunday holatlar matbuot va jamoatchilik nazaridan chetda qolishini aytib o‘tgandi. Shuningdek, o‘tgan o‘n yilliklarda o‘nlab kishilar o‘limi bilan tugagan yirik fojialar ro‘y bergani va sir tutilgani haqida ma'lumotlar mavjud.
Internet asrida esa bu holat saqlanib qolayotgani taajjublidir. Sayt tahririyati tashkilotlarni mavjud ma'lumotlarni yashirmaslikka chaqirib qoladi.