21:36 / 23.03.2017
4310

“Oracle” mutaxassisi IUT talabalariga mahorat darsini o‘tdi

“Oracle” kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Jyem Nuri Jumert Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) talabalari uchun “Buyumlar interneti va “Oracle”ning bulutli texnologiyasi” mavzusida mahorat darsini o‘tdi.

Jumert “Oracle” kompaniyasida ishlayotganiga 20 yildan oshdi. U “Oracle” kompaniyasi mijozlariga kompaniya texnologiyasidan foydalangan holda o‘z sohalarida yetakchi bo‘lishlariga yordam beradi.

IUT talabalari uchun mahorat darsi davomida “Oracle” mutaxassisi tomonidan bulutli texnologiyalar hamda kompaniyaning mazkur sohadagi yechimlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Jyem Nuri Jumert shuningdek, bulutli texnologiyalarning ustunligini real misollar bilan ko‘rsatib berdi.

Uchrashuv so‘ngida Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Qayd etish lozimki, mahorat darsi IUT talabalari uchun foydali bo‘lib, talabalar “Oracle” kompaniyasining yechimlari to‘g‘risida ma'lumot va yangi bilimlarga ega bo‘lishdi.

Ta'kidlash joizki, kuni kecha Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda “Oracle” kompaniyasi IUTda “Oracle” Akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashdi. Akademiya “Oracle” kompaniyasining yechimlari bo‘yicha turli kurslarni taklif etadi.

Top