13:55 / 24.03.2017
8061

Neft narxi Saudiya Arabistoni energetika vaziri bayonotidan so‘ng ko‘tarildi

Saudiya Arabiston energetika vaziri Holid al-Folih bayonotidan so‘ng neft narxi ko‘tarildi. U mart oyida mamlakatdan AQShga “qora oltin” eksporti fevral bilan taqqoslaganda kuniga 300 ming barrelga qisqarganini ma'lum qildi. 

Toshkent vaqti bilan 10.19 holatiga ko‘ra Brent markali neftning may fyucherslari narxi 0,36 foizga qimmatlashib – bir barrel uchun 50,74 dollarni tashkil etgan. WTI markali neft narxi esa 0,46 foizga ortib, bir barrel uchun 47,92 dollarga teng bo‘ldi.

"Eksport haftadan haftaga qadar o‘zgarib borishi mumkin, biroq mart oyida eksport o‘rtacha pasaydi", - deya Folihning so‘zlarini keltirgan Reyter agentligi. Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi bir necha oy davomida eksport mart oyi darajasida saqlanib qoladi.

"Bizning taxminimizga ko‘ra, 2017 yilning ikkinchi choragida AQShdagi neft zaxiralari jiddiy ravishda pasayadi, shuningdek OPeKka a'zo davlatlar va bu tashkilotga kirmaydiganlar tomonidan qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishuvga rioya etiladi", - deya BMI Research’ning nomi oshkor etilmagan tahlilchilari so‘zlarini keltiradi agentlik.

Top