Qo‘qon fojiasi: yana bir kishi hayotdan ko‘z yumdi
Joriy yilning 22 mart kuni tahririyatimiz orqali “Qo‘qonda tashkilotlar mas'uliyatsizligi oqibatida ikki navqiron yigit majruh bo‘lib qoldi”, degan sarlavha ostida maqola e'lon qilingan edi.
Tahririyatimizga berilgan ma'lumotga ko‘ra, 2017 yilning 18 mart kuni tonggi soat 3:00 atrofida Qo‘qon shahriga yondosh joylashgan Dang‘ara tumani hududidagi Oydin ko‘chasi, 78-uyda gaz portlagan. Fojiaga gaz bosimining o‘ynab turishi, gohida pasayib, gohida ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. Ko‘ngilsiz hodisa tufayli ushbu xonadonda istiqomat qiluvchi ota va uning ikki nafar o‘g‘li og‘ir holatda kasalxonaga joylashtirilgan.
Bugun tahririyatimizga mazkur oila qarindoshlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, ushbu hodisada jabrlangan 20 yashar Sheraliyev Abu Bakr hayotdan ko‘z yumgani haqida ma'lumot berdi.
- Gaz idorasining aybi tufayli bir xonadon boshiga og‘ir musibat tushdi. Buning oqibatida navqiron bir yigit hayotdan ko‘z yumdi, - dedi marhumning qarindoshi ko‘zlarida yosh bilan. – Ushbu voqea yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv-tekshiruv ishlari va xulosalar bizga taqdim etilmadi. Aytishlariga ko‘ra, Qo‘qon shahar prokraturasi bu ish bilan shug‘ullanayotgan ekan. Murojaatimizga gaz idorasining rahbari ishdan olindi, xotirjam bo‘ling, deya javob qaytarishdi”.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz. Xuddi shunga o‘xshash voqea joriy yilning 23 mart kuniga o‘tar kechasi, tungi soat 01:40da Qo‘qon shahri Taraqchilik ko‘chasida yuz bergan. Bu fojiada bir oilaning uch nafar a'zosi, ya'ni ona va uning ikki nafar farzandi halok bo‘lgan. Bu haqda tahririyatimiz orqali “Qo‘qonda noxush hodisa. Ona va farzandlari halok bo‘ldi”, degan sarlavha ostida maqola ham e'lon qilindi.
Tahririyatimizga kelib tushayotgan mazkur murojaatlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida shunga o‘xshash hodisalar ancha ko‘paygan. Inson hayotining fojiali yakuniga qaramay, nazarimizda, hududdagi mutasaddi tashkilotlar bu masalalarda o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ymoqda. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari orqali yuqoridagi fojiali holatlar bayoni o‘z vaqtida yetkazilmayapti. O‘ylashimizcha, bunday noxush xabarni eshitgan har bir fuqaro o‘ziga tegishli xulosa chiqarib oladi. Axborot manbai faqat ana shunga xizmat qiladi.
Yuqoridagi mudhish holat yuzasidan tegishli tashkilotlar, jumladan, viloyat hokimligi, huquq-tartibot idoralari o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rishadi, deb umid qilamiz. Zero biz huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib belgilanganmiz.
Mavzuga oid
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024