Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yangi qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 mart kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat rahbari Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahada qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi.
Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 polosali mazkur yo‘l o‘tkazgich haydovchilar va piyodalarga bir qancha qulayliklar yaratadi.
Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan chorrahada transport tig‘izligi avtomobillar va piyodalarga noqulaylik tug‘dirardi. Yangi bunyod etilgan ko‘prik bu muammolarga barham berish bilan birga, avtomobillar harakatining uzluksizligini va xavfsizligini ta'minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan ikki oyda qurib bitkazilgan ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi barpo etilgan. Yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o‘rnatilgan.
Shahar qiyofasining o‘zgarishida ko‘priklarning o‘rni katta. Ekologiya nuqtai nazaridan ham bu muhim ahamiyatga ega. Ya'ni avtomobil yonilg‘isining ko‘p ishlatilishi atrof-muhit musaffoligiga salbiy ta'sir qiladi. Bir joyda transport tig‘izligi yuz bersa, boshqa joyga ham ta'sir ko‘rsatadi. Ko‘priklar ana shu muammolarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimiz yangi ko‘prikning mohiyatiga alohida to‘xtaldi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari aholiga yanada qulaylik yaratish, turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga egaligini qayd etib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Cho‘ponota va Bunyodkor ko‘chalari kesishgan chorrahada bunyod etiladigan ko‘prik loyihasi bilan ham tanishib, o‘z tavsiyalarini berdi.
Mavzuga oid
18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi
18:52 / 23.11.2024
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37 / 23.11.2024
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51 / 23.11.2024