O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 mart kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Hujjatda aytilishicha, “huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi”.

Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada e'tibor qaratmayotgani ham qayd etildi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo‘naltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti”, - deyiladi hujjatda.

Shuningdek qayd etilishicha, vakolatli organlarning yetarli darajada tashabbus ko‘rsatmayotganligi, lozim darajadagi idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o‘zaro nomutanosibligi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etadi.

Ushbu sohada quyidagilar davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatida faol ishtirok etish, fuqarolar murojaatlari va muammolariga bepisand munosabatda bo‘lish va byurokratik holatlarga yo‘l qo‘ymaslik orqali ta'minlash;

huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida oldini olish hamda ularga chek qo‘yish, shuningdek ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;