22:01 / 27.03.2017
6852

Peugeot o‘z tarixidagi eng kuchli krossoverni yaratishini e'lon qildi

Peugeot avtomobilsozlik kompaniyasi 3008 modeldagi krossoverining sport versiyasini yaratmoqchi. Bu haqda Auto Express nashriga kompaniyaning mahsulot bo‘yicha direktori Loran Blansh ma'lum qildi. Uning aytishicha, yangi mashina 300 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. Shu tariqa, 3008 gibridi fransuz kompaniyasi tarixidagi eng kuchli krossoverga aylanadi. Mashina 2019 yildan keyin seriyali ishlab chiqarila boshlanadi.

Blanshning aytishicha, modelning gibrid kuch qurilmasi tarkibiga elektromotor va 1,6 litrli benzin dvigateli kiradi. Mashina joyidan 100 km/soatgacha 6 soniyadan kamroq vaqt ichida tezlasha oladi, maksimal tezligi esa soatiga 240 km ni tashkil qiladi.

Peugeot 3008 modeli joriy yilda "Yevropaning yil avtomobili" tanlovida g‘olib bo‘ldi. Frantsuz avtomobilidan tashqari, ushbu unvonga Alfa Romeo Giulia, Citroen C3, Mercedes E-Slass, Nissan Micra, Toyota C-HR, Volvo S90 va V90 modellari da'vogarlik qilgandi.

Avtomobil birinchi marta 2016 yil sentabrda Parijdagi avtosalonda namoyish qilingandi. Peugeot 3008 tubi bilan yo‘l orasidagi farq 230 mm gacha oshirilgan, biroq u birorta ham komplektatsiyasida to‘liq privod bilan ta'minlanmaydi. Uning o‘rniga tanlangan harakatlanish rejimiga muvofiq old g‘ildiraklardagi tortishni o‘zgartiruvchi Grip elektron tizimi taklif qilinadi.

Mavzuga oid
Top