Sport | 12:15 / 27.03.2017
48553
2 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan: Balki ertaga iste'foga chiqarman (Video)

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi «A» guruhi 7-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvidan oldin O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yin borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Malayziyada qayd etilgan natijalar uchun muxlislar oldida uzr so‘rayman. Deyarli barcha o‘yinlar g‘alaba va mag‘lubiyat orasida turadi. Suriya bilan o‘yinda qayerdadir men xato ham qilgandirman.

Afsuski, hech qaysi o‘yinda optimal tarkibda o‘ynay olmayapmiz. Avvalgi o‘yinlarda yo‘qotishlar bo‘ldi. Bundan afsusdamiz.  To‘xtaxo‘jayev sariq kartochka tufayli o‘yinni qo‘yib yuboradi. Bu guruhda kurash so‘nggi turgacha davom etadi, chunki raqiblar ham ochko yo‘qotmoqda.

Asosiy maqsadimiz — ertaga g‘alaba qozonish va shu yo‘l orqali JCh–2018 turniriga yo‘l olish. Ayni vaqtda eng kuchli tarkibga ega ekanimiz haqidagi so‘zlarni takrorlashdan qochmayman. Bu haqiqatdan ham shunday. Balki ertagayoq iste'foga chiqarman. Asosiysi, O‘zbekiston terma jamoasi JCh–2018 turniriga yo‘l olishi kerak.

Jamoa yaxshi o‘ynaganda stadion to‘ladi. Muxlislarga murojaat qilmoqchiman. Stadionga qancha muxlis kelishidan qat'iy nazar ulardan dalda so‘rab qolamiz va bizni qo‘llab-quvvatlashlariga umid qilamiz», – dedi Samvel Babayan.  

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – Qatar uchrashuvi ertaga, 28 mart kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida o‘tkaziladi. O‘yin 18:00 da start olishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid