O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etiladi.

Komissiya huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.

Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, yuridik shaxslar, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini huquqbuzarliklardan himoya qilishni ta'minlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;

vakolatli organlar va muassasalarning faoliyatini ularning faoliyati samaradorligini, yaqindan hamkorligi va ish uyg‘unligini ta'minlash maqsadida muvofiqlashtirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va ularning samaradorligini oshirish;

jinoyatlarni fosh etish, tergov qilish, ularning oldini olish va ularga barham berish amaliyotini o‘rganish;

jinoyatlar fosh etilishini hamda surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashiringan shaxslarning qidiruvini ta'minlash maqsadida tezkor-qidiruv va profilaktika tadbirlarining samaradorligini oshirish;

tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etish;

vakolatli organlar va muassasalarning huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berishdagi o‘zaro hamkorligini yaxshilash, shuningdek huquqbuzarliklarni sodir etish sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ma'lumotlarni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish;