11:52 / 27.03.2017
36092

O‘zbekistonda jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha yangi qaror imzolandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 14 mart kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Hujjatda aytilishicha, “huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi”.

Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada e'tibor qaratmayotgani ham qayd etildi.

Hujjatga ko‘ra O‘zbekistonda Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalarni tegishincha Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar etib qayta tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari huzurida prokuratura, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining tajribali xodimlaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo tezkor-tergov guruhlari tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi quyidagi komissiyalar bo‘yicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi:

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi.

Shuningdek Haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» etib belgilandi va ushbu kunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratiladi:

huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida «ochiq eshiklar kuni»ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul bo‘lgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish;

ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud muhokamalari bo‘yicha sayyor sud majlislarini o‘tkazish;

aholi turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini o‘rganish, huquqbuzarlik sodir etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurishlarni tashkil etish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari, jinoyatlarni fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlarning natijalarini muhokama qilish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklandi.

 

Top