08:56 / 28.03.2017
5737

Qirg‘izistonda qor ko‘chkisi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi

Qirg‘izistonning shimoli va janubini bog‘lovchi Bishkek-O‘sh yo‘lini qor ko‘chkisi bosishi oqibatida 3 ta avtomobil qor uyumi ostida qoldi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi qutqarib qolingan. Bu haqda "Interfaks" axborot agentligiga Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vazirligida 28 mart kuni ma'lum qilingan. 

Ma'lum qilinishicha, 27 mart kunduzi yo‘lning 255 kmi 6720 kub metr hajmdagi qor ko‘chkisi ostida qolgan. Yo‘lda qatnov vaqtinchalik to‘xtatilgan, qor ostida qolganlarni qidirish-qutqarish operatsiyasi boshlangan. 

"28 martga o‘tar kechasi qutqaruvchilar tomondan ko‘chki ostidan yo‘l-ekspluatatsiya xizmatiga tegishli "Toyota" mashinasi chiqarib olingan. Avtomobilda 4 kishining jasadi topilgan", deyilgan xabarda.

Ma'lum qilinishicha, qor ostidan, shuningdek, Lexus va Subaru Legacy rusumidagi avtomobillar ham chiqarib olingan. Ulardan har birida 3 nafardan odam bo‘lgan. Ularning barchasi omon qolgan.

Ta'kidlanishicha, joyni qordan tozalash uchun FVVning 52 nafar xodimi, maxsus texnika jalb qilingan. 

Mavzuga oid
Top