19:21 / 28.03.2017
8279

So‘nggi 5 yilda mahalla tizimiga oid 2 qonun, 20 ga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi

Bugun, 28 mart kuni Toshkent shahar hokimiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bo‘yicha poytaxtda amalga oshirilayotgan ishlardan aholini boxabar qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda "Mahalla" xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi G‘ulomov Axror Aminovich so‘zga chiqdi. 

"Kun.uz" muxbirining xabar berishicha, tadbirda 100 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlarda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat hayotining muayyan sohasidagi ishtiroki o‘z aksini topgani ta'kidlangan. 

Birgina so‘nggi 5 yilda sohaga oid 2 ta qonun, 20 ga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari hamda "Mahalla" teleradiokanali tashkil etildi. 

O‘tgan yili may-iyun oylarida o‘tkazilgan saylovlarda mahallalarning 67 foiziga yangi raislar saylandi. 

Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mahallaning joylardagi dolzarb masalalarni samarali hal qilishdagi rolini oshirish, uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab berdi. 

Shuningdek mazkur farmon bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlangan. 

Top