13:01 / 28.03.2017
9973

Shayxontohur tumanida Toshkent shahar hokimligining sayyor qabuli tashkil etildi

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 27 mart kuni tashkil etilgan sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga tuman aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas'ul xodimlari, Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov, Shayxontohur tumani hokimi, shahar prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, sud idoralari rahbarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilingan joriy yilda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘layotgani, bunday uchrashuvlar davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali usullarini joriy etish yo‘lidagi amaliy ishlardan biri ekani alohida ta'kidlandi.

Shu yilning 25 mart kuniga qadar Prezidentning Virtual qabulxonasiga Toshkent shahri aholisidan 140 mingdan ortiq ariza va shikoyatlar kelib tushgan, shuning 14 ming 638 tasi Shayxontohur tumaniga to‘g‘ri keladi. Murojaatlarning 13 ming 836 tasi jismoniy shaxslardan, 802 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Ularning 13 ming 11 tasi yoki 88,9 foizi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 1 ming 627 tasi yoki 11 foizdan ziyodi ko‘rib chiqilmoqda.

Tuman bo‘yicha uy-joy olish, uy-joy qurish uchun yer ajratish, uy-joylarning ta'mirlashga muhtojligi, sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlarning ko‘rilishi hamda sud qarorlarining ijrosi, bank-moliya masalalari, moddiy yordam, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish, mehnat va bandlik, fuqarolik, pasport olish va propiska masalalari bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, ta'lim-tarbiya, obodonlashtirish, issiqlik ta'minoti, ichki yo‘llar va yo‘laklarni ta'mirlash, avtomobil yo‘llarining talabga javob bermasligi, tabiiy gaz va elektr ta'minoti, tadbirkorlik sub'yektlari hamda mulkdorlar faoliyatiga bog‘liq masalalar yuzasidan ham ko‘plab shikoyat va arizalar yo‘llangan.

- Fuqarolarning murojaatlari tahlili asosida qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligi ayon bo‘lmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi rahbari Mirzohid Obidov. - Har hafta yakuni bo‘yicha Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda bu muammolar chuqur tahlil etilib, ularni hal etish masalasiga e'tibor kuchaytirilmoqda. Prezidentning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga shu kunga qadar aholidan 2 ming 300 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Biz ularni qonun asosida hal etish bilan birga, bu muammolarni yuzaga keltirayotgan sabablarni ham o‘rganyapmiz. Aholining huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini ham olib boryapmiz. Bugungi ochiq muloqotda turli sohalar mutaxassislari tomonidan odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb mavzular yuzasidan aholiga tushuntirishlar ham berib o‘tilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

- Prezidentimizning xalq bilan mana shunday ochiq va oshkora muloqot tizimini yo‘lga qo‘ygani yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi, - deydi So‘najon Mavlonova. - Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Toshkent shahar prokurori bilan ukamning boshiga tushgan muammo yuzasidan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. Firibgarlar qo‘ygan tuzoq tufayli u boridan ajralib, o‘zi nogiron bo‘lib qolgan. Bu masalani qonun asosida hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishadigan bo‘lishdi. Bundan minnatdorman.

Shayxontohur tumani Zulfiyaxonim ko‘chasi 10-uyda yashovchi Fotima Ahmedova o‘z uyi atrofini obodonlashtirish, avtomobillar turargohini tashkil etish masalasida kelgan ekan. Uning asosli taklifi tuman obodonlashtirish xizmati xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. F.Ahmedova bir necha yildan buyon hal bo‘lmasdan kelayotgan bu ish shu yerning o‘zida qanoatlantirilganidan mamnun.

Tumanning Gulobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nargiza Qodirova bolalikdan nogiron. O‘zi yurishga qiynalsa-da, qo‘lida hunari bo‘lgan bu ayol uyda bekor o‘tirishni istamay, o‘ziga ma'qul ish qidirayotgan ekan. Uning murojaatini eshitgan Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi mas'ul xodimlari, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari unga munosib ish topib beradigan bo‘ldi.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Malika Rahimova o‘z biznesini kengaytirish maqsadida muloqotga kelgan ekan. Uning dala-do‘kon ochishga oid taklifi tuman rahbarlari tomonidan qo‘llab-quuvatlanib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.

Muallif: Norgul Abduraimova, O‘zA

Mavzuga oid
Top