16:28 / 29.03.2017
7377

Tashqi savdo shartnomalariga mo‘ljallangan dasturiy ta'minotning yangi versiyasi ishga tushdi

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning  I yarim yilligi uchun “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga muvofiq ommaviy axborot vositalari uchun “Bojxonada interaktiv xizmatlar – tadbirkorlar uchun tayanch” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasining axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi A.Saidov mavzu yuzasidan ma'ruza qildi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Bugungi kunga kelib bojxona organlari faoliyatiga jami 35 ta avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan, shundan 22 tasi davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tadbirkorlik sub'yektlariga bojxona rasmiylashtiruviga doir bir qator yengillik va qulayliklar yaratish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan hozirda 22 turdagi  interaktiv xizmat amaliyotga joriy etilgan. 

Uch yildan oshdi-ki, respublikada tadbirkorlar tomonidan “Tovarlarni elektron deklaratsiya qilish” interaktiv xizmati orqali tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib elektron taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmat joriy qilingan 2014 yilning o‘zidayoq 98,7 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari elektron shaklda rasmiylashtirildi. So‘nggi 2 yilda esa bu ko‘rsatkich 99, 9 foizni tashkil qildi.

Shuningdek, bojxona yuk deklaratsiyasiga ilova xujjatlarini (invoys, nakladnoy, kontrakt va boshqalar) elektron shaklda taqdim etish natijasida har yili tadbirkorlar tomonidan 60 tonnaga yaqin qog‘oz iqtisod qilinmoqda. Eng muhimi esa tovarlarnig bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflangan vaqt 4,7 martaga qisqargan.

Eng ommalashgan interaktiv xizmat turlaridan biri, bu tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha ma'lumotlarni elektron shaklda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali, elektron raqamli imzodan foydalangan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona eletron axborot tizimi orqali ro‘yhatdan o‘tkazishdir.

Ushbu xizmat orqali endilikda tadbirkorlar shartnoma va boshqa tegishli hujjatlarni bojxona postiga qog‘oz ko‘rinishida olib kelishlariga hojat qolmadi. 2016 yilda esa jami shartnomalarning 99,9 foizi ya'ni 106 mingdan ortiq shartnoma va ularga qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.  Joriy yilning 1-choragida esa bu ko‘rsatkich 30 mingga yetdi.

Yana bir yangilik shunda-ki, joriy yilning mart oyidan boshlab, tashqi savdo shartnomalarini elektron shaklga o‘tkazish uchun mo‘ljallangan E-KONTRAKT 2 dasturiy ta'minotining yangi versiyasi ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini qisqartirish maqsadida ishga tushirilgan mazkur yangi dasturiy ta'minotda shartnomalar ijrosi bo‘yicha barcha ma'lumotlarni, shu jumladan bank tomonidan kiritilgan ma'lumotlar va BYuD bo‘yicha ma'lumotlarni bojxonaga murojaat etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari internet orqali olish imkoniyati ishlab chiqildi. Mazkur elektron xizmat tadbirkorlar tomonidan yaxshi kutib olindi, o‘tgan bir oygina vaqt ichida ushbu xizmatdan 541 ta tadbirkor foydalangan va ular bojxonaga murojaat etmasdan bevosita elektron shaklda olishga erishdilar.

Top