09:25 / 29.03.2017
16791

«Zomin Sunrise» bolalar oromgohida Navro‘z tantanalari bo‘lib o‘tdi

Xalqimiz uchun tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yilning boshlanishi, milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini yurtimizning barcha hudud va mintaqalarida har tomonlama chuqur tayyorgarlik bilan kutib olish hamda nishonlash doimiy an'ana hisoblanadi.

Xuddi shunday bayram tadbirlaridan biri, kuni-kecha Jizzax viloyati, Zomin tumani, Duoba qishlog‘i hududida joylashgan, 2016 yilda «Imzo Akfa» kompaniyasi homiyligida qurilib, foydalanishga topshirilgan «Zomin Sunrise» bolalar oromgohida bo‘lib o‘tdi.

Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan «Sumalak shou»da Jizzax viloyati va Zomin tumanining aholisi, «Nuroniy jamg‘armasi», «Xotin-qizlar qo‘mitasi», «Kasaba uyushmasi» vakillari tadbirda mehmon bo‘ldilar. 

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirni taniqli boshlovchi Anvar Mirzo olib bordi. Bayram dasturida chiqish qilgan Ravshan Komilov, Dilfuza Ismoilova, «Zamon» guruhi va boshqa xushovoz xonandalar O‘zbekistonimiz, zamondoshlarimiz, qadriyatlar, milliy an'ana va boqiy urf-odatlar madh etilgan qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdilar.

Shuningdek, tadbirda Milliy akademik drama teatrining rahbari Fathulla Ma'sudov, taniqli aktyor Tesha Mo‘minov va sevimli aktrisa Gavhar Zokirova hamda qo‘g‘irchoq teatri aktyorlari mehmon bo‘lib, o‘zlarining qo‘shiqlari va turli chiqishlari bilan tomoshabinlarni xushnud etdilar.

Teatrlashgan bayram dasturida karnay-surnay va doira sadolari yangradi. Xalqimizning betakror, boy an'analari, qadriyatlari, xalq ijodiyoti namunalari dasturdan asosiy o‘rinni egalladi.
Dasturxon atrofida yig‘ilganlar bahoriy taomlar — ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, sumalak va bayram palovi bilan mehmon qilindi. 

Bayram davomida oromgoh yaqinida yashovchi aholi bilan bir qatorda, tadbir mehmonlariga «Imzo Akfa» kompaniyasi tomonidan sovg‘alar taqdim etildi. 
Tadbirda yig‘ilgan barcha ishtirokchilarning yuraklari quvonch va hayajonga to‘ldi, bayram barchada katta ta'surot qoldirdi. Tomoshabinlar ham, o‘z navbatida behad shod bo‘lib, har bir san'atkor chiqishini qarsaklar bilan kutib oldilar va sumalak atrofida o‘zlari ham ko‘tarinki kayfiyatda yayrab, quvnadilar. 

Ushbu milliy bayramning ma'naviy hayotimizdagi tutgan o‘rni va ahamiyati, insonning tabiat bilan hamohang bo‘lib yashashi, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, keksalarga e'zoz va ehtirom, kichiklarga izzat, odamiylik, yaxshi qo‘shnichilik, xayr-sahovat, bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir.

Shu o‘rinda, «Zomin Sunrise» oromgohi barchani Navro‘z ayyomi bilan tabriklaydi va kelayotgan dam olish mavsumini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun tayyor ekanligini ma'lum qiladi.

Reklama huquqi asosida.
 

Top