09:41 / 30.03.2017
8356

Xitoy dunyodagi eng katta amfibiya samolyotni sinovdan o‘tkazmoqchi

Xitoy may oyi o‘rtasida yong‘inlarni o‘chirishga mo‘ljallangan, dunyodagi eng katta amfibiya samolyot AG600’ni sinovdan o‘tkazmoqchi. Bu haqda 30 mart kuni Xitoy xalqaro radiosi ma'lum qildi. 

Ta'kidlanishicha, samolyotning quruqlik ustidagi birinchi sinovi may oyida bo‘lib o‘tishi kerak. Uning suv ustidagi ilk parvozi 2017 yilning ikkinchi qismiga rejalashtirilgan. Samolyotning barcha 4 ta dvigatelining bir vaqtda ishlashi 13 fevralda sinovdan o‘tkazib bo‘lingan.   

Xitoy aviasozlik korporatsiyasi tomondan yaratilgan gidrosamolyot fuqarolik aviatsiyasi ehtiyojlariga mo‘ljallangan. U o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish va qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazish uchun maxsus loyihalangan.  

Samolyotning maksimal parvoz og‘irligi 53,5 tonnani tashkil qiladi. U 500 km/soat tezlik bilan 4,5 ming km gacha ucha oladi va osmonda 12 soatgacha bo‘la oladi. Samolyotning uzunligi 37 metrni, qanotlari qulochi 38,8 metrni tashkil qiladi. 

Samolyot oddiy aerodrom va suvdan havoga ko‘tarila oladi. Uning uchish-qo‘nishi uchun eni 200 metrlik, uzunligi 1,5 km lik uchish-qo‘nish polosasi kifoya qiladi. Samolyot 20 soniya ichida 12 tonna suv yig‘a oladi.

Top