17:12 / 30.03.2017
9500

Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi iqtisodiy o‘sish va barqarorlik markaziga aylanmoqchi

Foto: RIA "Novosti"

Qozog‘iston hukumati respublikani Markaziy Osiyodagi iqtisodiy o‘sish va barqarorlik markaziga aylantirmoqchi. Bunda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsipiga amal qilinadi, deya ma'lum qildi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov.

Qozog‘iston TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, Abdraxmanov 28-29 mart kunlari Parijga amaliy tashrif bilan bordi. Tashrifning asosiy tadbiriga Fransiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlarining Fransiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan qo‘shma uchrashuvi aylandi.

"Biz Qozog‘istonni mintaqadagi iqtisodiy o‘sish va barqarorlik markaziga aylantirish tarafdorimiz hamda fransiyalik do‘stlarimiz va mintaqa bo‘yicha qo‘shnilarimiz bilan keng hamkorlik uchun ochiqmiz", - deya aytib o‘tdi vazir tadbirda chiqish qilib.

U Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda teng huquqlilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsiplariga rioya etishiga e'tibor qaratdi. "Biz so‘nggi vaqtlarda mintaqamiz rivojida kuzatilayotgan ijobiy holatlardan xursandmiz. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda hal qilinmaydigan muammolar yo‘qligini yana bir karra isbotlaydi", - deya ta'kidlab o‘tdi Abdraxmanov.

Qozog‘iston TIV rahbarining ishonch bildirishicha, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik, hamkorlik va rivojlanishning mintaqaviy modeli tashkil etilishi mumkin. Bunda barcha davlatlar manfaati hisobga olinadi.

Abdraxmanov yuqori darajadagi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo Muloqoti muhim o‘rin tutishini tasdiqladi.

Top