07:43 / 30.03.2017
12189

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mudofaa sohasidagi kelishuv Putinga ratifikatsiya uchun taqdim qilindi

Rossiya hukumati Vladimir Putinga Davlat dumasiga ratifikatsiyaga kiritish uchun Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuvni taqdim qildi. Rossiya hukumatining tegishli qarori 28 mart kuni imzolangan va huquqiy axborot rasmiy portalida chop etilgan.

O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari – general-polkovnik Qobul Berdiyev va armiya generali Sergey Shoygu 2016 yil 29 noyabrda Moskvada harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuvni va 2017 yil uchun ikki vazirlik o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik rejasini imzolashgandi. 

Kelishuvga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston va Rossiyaning harbiy xavfsizligini ta'minlash, ikki davlat qurolli kuchlari harbiy salohiyatlarini mustahkamlash, harbiy kadrlarni tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha birgalikdagi tadbirlarni o‘tkazadilar. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston Senati 28 mart kuni "O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunni ko‘rib chiqdi va ma'qulladi.

Top