10:00 / 30.03.2017
29917

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri qo‘l ostidagi xodimlar qanday ishlayotgani haqida gapirdi

O‘zbekiston Respublikachi Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov Senatda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika ichki ishlar organlarining o‘tgan yildagi faoliyati mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, huquqbuzarliklarning oldini olishga, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, jamoat tartibi saqlanishini ta'minlashga, fuqarolar huquqlarini himoya qilishga, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga, faoliyatning shu sohalarida aniq natijalarga erishishga qaratildi. 

“Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishga zamon talablariga javob beradigan yangi yondashuvlarni tatbiq etish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga jamoatchilikning keng qatlamlarini jalb qilish, profilaktika inspektorlarining bevosita aholi orasida ish olib borishini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikaning 5 253 ta mahallasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi”, - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Jinoyatning asosiy ko‘rsatkichlari, shu jumladan, avval sudlanganlar, jinoyatchi guruhlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan o‘ta og‘ir jinoyatlar, huquqbuzarliklar soni ancha kamayishiga erishildi. Azizovning so‘zlariga ko‘ra, shaxsga qarshi jinoyatlarni ochish va tergov qilishda, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga, odam savdosiga, terrorizmga, diniy ekstremizmga va uyushgan jinoyatchilikka, shuningdek, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishda muayyan ijobiy natijalarga erishildi. 

Shu bilan birga, vazirning ta'kidlashicha, joriy yilning 9 fevralida IIV organlari xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalardan ichki ishlar organlari, vazirlik rahbariyati tegishli xulosalar chiqarib oldi. Ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud muammolar va kamchiliklarni hal qilish, huquqbuzarliklarning oldini olishga doir ishlarni tubdan yaxshilash, mamlakatda huquqiy tartibotni ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar tashkil etildi. 

“Xususan, profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga asoslangan mezonlari ishlab chiqildi, ichki ishlar organlari barcha bo‘g‘inlari rahbarlari tomonidan aholi oldida muntazam hisob berish amaliyoti joriy etildi. Ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ichki ishlar organlari xizmatini bevosita aholi punktlarida tashkil etish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar tayyorlandi. Joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika inspektorlarini ular faoliyatiga xos bo‘lmagan yumushlardan ozod qilish, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha muntazam ishlarni tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda”, - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Jinoyat sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar va sudlar bilan hamkorlikda jinoyatlarni fosh qilish borasidagi ishlarni yaxshilash maqsadida idoralararo ishchi guruhlar tuzildi. Jinoyatlarni sodir etish sabablari, shart-sharoitlari va omillarini o‘rganish bo‘yicha ishlar tashkil etildi. Sodir etilgan har bir jinoyat holatlarini muhokama qilish uchun yig‘ilishlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur yig‘ilishlarda ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirok etmoqda. 

Abdusalom Azizov davlat rahbari tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kunlari o‘ziga xos samara berayotganligini alohida qayd etdi.

Keng jamoatchilik, hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida har payshanba kuni tashkil etiladigan jinoyatlarning oldini olishga doir kompleks tadbirlar, xususan, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ta'lim muassasalari o‘quvchi va talabalarining mashg‘ulotlarda qatnashish davomatini muhokama qilish, bu borada tartib o‘rnatish yuzasidan ta'lim muassasalari ma'muriyati va ota-onalar javobgarligini oshirish bo‘yicha tashkiliy-tushuntirish tadbirlari o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. 

Top