14:51 / 30.03.2017
7894

O‘zbekistonda xavfsiz va foydali kontentdan iborat maxsus tarif rejalari taqdim etildi

Bugun, 30 mart kuni Toshkent shahrida yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodning intellektual salohiyatini oshirishiga yo‘naltirilgan ta'limiy va ko‘ngilochar resurslardan iborat "ZiyoNET" tarif rejalarining joriy qilinishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. "Kun.uz" muxbirining xabar berishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, "O'zbektelekom" AK, Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi hamda UZINFOCOM markazi vakillari va jurnalistlar ishtirok etishgan.

Zamonaviy internet texnologiyalari foydali jihatlar bilan birga  yoshlar o‘rtasida yot g‘oyalarni targ‘ib qilish, millatlar orasidagi kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish, zo‘ravonlik, ekstremizm va boshqa salbiy ta'sirlarni ommalashtirish vositasi sifatida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda.

Ota-onalar farzandlarini bu kabi ta'sirlardan himoya qilish uchun ularning internetdan foydalanishini cheklab qo‘yishni ma'qul ko‘rishadi. Buning natijasida esa bola internet tarmog‘ining foydali jihatlari - bilimlarini boyitish, o‘zini qiziqtirgan mavzularda tajriba almashish va ma'lumotlar olish, bu yo‘nalishdagi jahon hamda mahalliy miqyosdagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishish, shuningdek o‘zidagi iqtidorni namoyish etishga xizmat qiladigan ta'limiy resurslar, elektron kutubxonalardan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum bo‘ladi.

Internet tarmog‘ida yosh avlodga qulay, xavfsiz muhit yaratish, ta'limiy resurslardan yagona nuqtadan foydalanishlarini tashkil qilish orqali salomatlik va rivojlanishga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi axborot hamda kiberhujumlardan himoya qilish maqsadida "O'zbektelekom" AK tomonidan maxsus tarif rejalari turkumi va qo‘shimcha xizmatlar joriy qilinmoqda. Xalqaro tajriba asosida tatbiq qilinayotgan tizim xavfdan xoli, foydali internet resurslaridan ommaviy foydalanish imkonini beradi.

Xizmat va tariflarni ishlab chiqishda 2006 yildan buyon ta'lim muassasalari, axborot-kutubxona markazlari, ilmiy, madaniy-ma'rifiy markazlar, ya'ni yuridik muassasalar imtiyozli ravishda ulanib kelgan "ZiyoNET" tarif rejasi asos qilib olingan.

Matbuot anjumanida "O'zbektelekom" vakillari endilikda "ZiyoNET"ning maxsus tarif rejalariga jismoniy shaxslar ham ulanishi mumkinligini ma'lum qilishdi.

Mazkur tarif rejalari doirasida foydalanuvchi "ZiyoNET" tarmog‘idagi Yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kiruvchi saytlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. "Oq ro‘yxat"dan ilmiy-ta'limiy, ma'naviy-ma'rifiy hamda bolaning yetuk va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladigan boshqa milliy va xalqaro internet sahifalari o‘rin olgan. Ushbu tarif rejalarini ishlab chiqishda uning nafaqat yoshlar uchun foydali, balki ko‘rsatiladigan xizmatlarning hammabop - qulay narxda bo‘lishiga ham alohida ahamiyat berilgan.

"ZiyoNET" tarif rejasi asosida Yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kiritilgan xalqaro va TAS-IX, ya'ni Milliy UZ domenida faoliyat ko‘rsatuvchi saytlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. "ZiyoNET" tarmog‘ida TAS-IX hududidagi saytlardan foydalanish trafigi chegaralanmagan (bunday saytlardan foydalanganda hisobdan megabayt sarf qilinmaydi).

Mavzuga oid
Top