17:35 / 31.03.2017
9681

12 million so‘mlik zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan ayol fosh etildi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” bojxona kompleksi xodimlari ana shunday shaxslardan biri, qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro K.Qodirqulovaning qing‘ir qilmishlarini fosh qilishdi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Unga tegishli qo‘l yuklari nazorat-rentgen apprati orqali ko‘zdan kechirilganda, ekrandagi tasvirlarning shubhali tus olishi bojxonachilarni ushbu yuklarni yanada sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishga undadi.

Natijada, ushbu ayol tomonidan bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida qo‘l yuklari ichiidagi to‘qish uchun mo‘ljallangan ip kalavalardan birining orasiga 3000 AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta ustomonlik bilan yashirilganligi aniqlandi.

Kalavalardan yana birining orasiga esa 92 gr.dan ortiq tilla taqinchoqlar yashirilgan ekan. Noqonuniy ravishda olib o‘tishga urinilgan mazkur 49 dona zargarlik buyumlarining umumiy qiymati dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra salkam 12 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Qonunbuzar ayol shu bilan kifoyalanmagan. Ushbu ayol bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma'lum qilmasdan turib, avtotransport vositalari uchun mo‘ljallangan 3 dona antiradar, 2 dona uyali aloqa vositasi va 1 dona DVD pleyerini ham noqonuniy ravishda olib kirishga uringan ekan.

Shu tariqa fuqaro K.Qodirqulovaning qiymati taxminan 25 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kirish rejasi chippakka chiqarildi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ma'lumot uchun, amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Top