12:42 / 31.03.2017
67140

«Xalqning duosini olish kerak». Prezident rahbarlarni ko‘proq ishlashga chaqirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 mart kuni videoselektor majlis bo‘lib o‘tdi.

Majlisda ko‘p qavatli uy-joylarni ta'mirlash, kommunal, sog‘liqni saqlash sohalari, ichki ishlar tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.

«Bu 3 soha xalqning kayfiyatiga ta'sir qiladigan, kayfiyatini belgilaydigan asosiy sohalar. Sizlar domda yashamaysizlar, bu uylarda bolalar uchun kerakli sharoitlar yo‘q, atrofida bolalar o‘ynaydigan o‘yingohlar yo‘q. Odamning bahri-dilini ochadigan manzara yo‘q.

Endi ishlash kerak. O‘zini rahbarman degan inson tunggi soat 2da uxlab, tonggi soat 6da uyg‘onadi. Ishlab xalqning duosini olish kerak. Duo sizning sog‘liqlaringizni mustahkamlaydi. Hammasi joyida bo‘ladi. Xalqning duosini olib qolish kerak», degan prezident. 

Prezident Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Xorazm viloyati hokimi Po‘lat Bobojonov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Erkin Turdimov haqida iliq fikrlar bildirib o‘tgan.

Videoselektorda. «Nozirlarga sharoitlarni yaratib beramiz, keyin ish talab qilamiz»

Videoselektorda ishtirok etgan «Kun.uz» manbasining ma'lumot berishicha, prezident joriy haftada Moskvaga borishini aytib o‘tgan. Rossiya safaridan keyin prezidentning viloyatlar bo‘ylab yurishi davom etadi.

Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, prezident avval Samarqand va Jizzax viloyatlariga, shundan so‘ng, Farg‘ona vodiysiga borishi kutilmoqda.

Navoiy viloyatida ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi aytilgan. Viloyatga maxsus komissiya jo‘natiladi.

Prezidentning ko‘ngli to‘lmagan. Toshkent shahridagi rahbarlarga 2 oy muhlat berildi

 

 

Top