22:45 / 31.03.2017
9761

Telegram kabi messenjerlar Android'dan ko‘ra iOS'da ko‘proq xavf uyg‘otishi ma'lum bo‘ldi

Barcha mashhur messenjerlarda zaiflik mavjud. Bu ham Android, ham iOS versiyalarga taalluqli. Solar Security kompaniyasi mutaxassislari shunday xulosaga kelishdi. Bu haqida «Kommersant» gazetasi xabar berdi. 

Solar Security eng mashhur to‘qqiz messenjer kodini tekshiruvdan o‘tkazgan: Telegram, WhatsApp, Viber, Facebook Messenger, Signal, Slack, Skype, WeChat va QQ International. 

Natijada faqatgina Android nazoratidagi Signal'dagina yirik zaiflik aniqlanmagan. Facebook Messenger va  Slack kodlarida to‘rttadan, qolganlarida esa undan ham ko‘p zaiflik borligi ma'lum bo‘lgan. 

Android'dagi eng keng tarqalgan yirik zaifliklar sifatida  shifrlashning zaif algoritmlari, xavfsiz deb bo‘lmaydigan SSL, bo‘sh parollarning qo‘llanilishi qayd etilgan. Bu qurilmada saqlanuvchi login va parollarning o‘g‘irlanish xavfini oshiradi. 

Messenjerlarning iOS-versiyalari Android qurilmalarga nisbatan ko‘proq zaiflikka moyil ekani ta'kidlangan. 

Mutaxassislar iOS'dagi Facebook Messenger'da - 12, Viber'da - 15, Skype'da — 17 yirik zaiflikni aniqlashgan. Eng ko‘p xatolar - Xitoyning QQ International va WeChat messenjerlarida.

Kompaniya mutaxassislari ilovalarning iOS-versiyalarida zaiflikning ko‘pligini odatda "Android u qadar xavfsiz hisoblanmasligi" tufayli uning ishlab chiqaruvchilari "himoyalash darajasiga ko‘proq e'tibor qaratishlari" bilan izohlagan. 

Messenjerlarning o‘zi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar haqidagi ma'lumotni tasdiqlashmagan, ularning so‘zlariga ko‘ra, barcha mahsulotlar muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid
Top