09:10 / 01.04.2017
26929

Kuvaytlik ayol uy xizmatchisiga mushkul vaziyatda yordam berish o‘rniga uni tasvirga oldi

Kuvaytlik ayol o‘z uy xizmatchisining oyna ortida osilib turganini ko‘rib, unga yordam ko‘rsatish o‘rniga uni videoga olish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ushbu holat tasvirlangan rolikda efiopiyalik xizmatkor ayolga"Meni qutqar" deb baqirayotgani, biroq ayol bunga e'tibor bermay tasvirga olishda davom etib, "Qayt, ahmoq", deb aytganini ko‘rish mumkin.

Oqibatda xizmatkor bir qo‘li bilan oyna romini ushlay olmay 7-qavatdan tushib ketgan. Videoda xizmatkor ayolning pastdagi metall soyabon ustiga tushgani ovozini eshitish mumkin, biroq "boyvachcha xonim" buni ham e'tiborsiz qoldirgan.

The Sun nashrining ma'lum qilishicha, xizmatkor ayol tirik qolgan va hattoki soyabondan o‘zi mustaqil tusha olgan. U qo‘l sinishi bilan shifoxonaga olib ketilgan.  

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, ayol o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, biroq oxirgi lahzada bu fikridan qaytib, yordamga chaqirishni boshlagan. Kuvaytlik ayol politsiya tomonidan ushlangan va o‘zining beparvoligi uchun sud oldida javob beradi.

Top