23:28 / 01.04.2017
37401

Uzbek Tigers Astana Arlans jamoasidan qasos oldi (Video)

1 aprel kuni Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum «C» guruhi 5-turidan o‘rin olgan bahslar bo‘lib o‘tdi. Uzbek Tigers jamoasi Toshkentda Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasi bokschilarini qabul qildi. «O‘zbekiston» sport majmuasida guruhning ikki yetakchi jamoasi o‘rtasidagi jang juda qizg‘in kechdi. Boks kechasini Janubiy Koreya, Rossiya, Angliya va Eron davlatlaridan tashrif buyurgan hakamlar navbati bilan boshqarib borishdi. 

O‘zbekistonliklar ushbu bellashuvda umumjamoa hisobida 4-1 hisobida raqiblarini mag‘lub etib, Qozog‘istondagi mag‘lubiyat alamini olishning uddasidan chiqishdi. 

Musobaqa reglamentiga muvofiq, bokschilar har biri 3 daqiqadan 5 raund kurash olib borishdi. 

Dastlab ringga 64 kg vazn toifasidagi bokschilar juftligi Elnur Abduraimov va Dilmurod Mijitov ko‘tarildi. Unda Uzbek Tigers jamoasi vakilining qo‘li baland keldi. 56 kg vaznda ringga chiqqan Abdulhay Shorahmatov ham raqibi Ilyos Suleymenovga imkoniyat qoldirmadi. 75 kg vazn toifasida akrobat bokschimiz Isroil Madrimov Saparbay Aydarovga qarshi jang olib borib, umumiy hisobni 3-0ga yetkazdi va jamoaning uzil-kesil g‘alabasini ta'minladi.

Uzbek Tigers jamoasining yagona mag‘lubiyati +91 kg vaznda ringga ko‘tarilgan Zuhriddin Mahkamov hisobiga yozildi. U mazkur vazn toifasida qozog‘istonlik Anton Pinchukka imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Jamoaviy bahslar oxirida 49 kgli bokschilaar kurash olib bordi. Rio-2016 g‘olibi Hasanboy Do‘stmatov Temirtas Jusupovni sinovdan o‘tkazdi. Hakamlarning yakdil qarori bilan Hasanboy Do‘stmatov raqibidan ustun keldi.

Aytish joizki, Uzbek Tigers WSB doirasida bu vaqtgacha 4 marta jang o‘tkazib, uning ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va ikkitasida mutlaq g‘alaba qozongan hamda 6 ochko bilan guruhda qozog‘istonliklardan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turishgan edi. Endilikda, o‘zbekistonliklar hisobida 9 ochko bo‘lib, ikkinchi o‘rnini saqlab qoldi. 

1 aprel kuni, shuningdek, Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasi o‘z maydonida Xitoyning China Dragons jamoasini qabul qilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. 

Shunday qilib, guruhdagi o‘rinlar quyidagicha tus oldi: 

Ushbu guruhda Qozog‘iston jamoasi guruhdan chiqish masalasini hal qilib ulgurgan. O‘zbekiston va Rossiya jamoalari esa, keyingi turda ikkinchi o‘rin uchun kurashni davom ettirishadi. Xitoy jamoasi guruh autsayderi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, The World Series Boxing – Butunjahon Boks Seriyasining VII fasl 5-turida O‘zbekiston sha'nini himoya qilgan bokschilar BUKA Boxing Sportswear tomonidan taqdim etilgan kiyimda ringga ko‘tarilishdi.

Mavzuga oid
Top