00:32 / 02.04.2017
35369

Samarqanddagi jinoiy abortlar haqida nimalar ma'lum?

Samarqanddagi 2-sonli tug‘ruqxonada aniqlangan "krematoriy" va unda "yarmisi kuygan holda topilgan abortdan keyingi homila" haqida mish-mishlar to‘xtamayotgandi. Shu kunlarda internet-nashrlarda poydo bo‘lgan axborotlarning esa olovga moy sepgani qoldi. Aslida nima voqea yuz bergan? Nuz.uz muxbiri Samarqandda tahririyat topshirig‘i bilan vaziyatni o‘rganib chiqib, quyidagilarni aniqladi.

Ishonchli ma'lumot olish uchun men 2-sonli tug‘ruqxonaga yo‘l oldim va mazkur muassasaning bosh vrachi Ilhom Hazratqulov bilan uchrashdim. Undan krematoriy haqida, unda topilgan, mish-mishlarga ko‘ra, tirikligida ba'zilarining og‘izlari skotchlangan bo‘lgan homilalar haqida so‘radim.

I.Hazratqulov darhol tug‘ruq majmuasida hech qanday krematoriy mavjud emasligini tushuntirdi. Muassasada tibbiy chiqindilarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan mufel pechi bor ekan. Chiqindilar sirasiga kiruvchi ishlatib bo‘lingan bir marta foydalaniladigan shpritslar, osma ukol sistemalari, plasenta kabilar kuydirib yo‘q qilinar ekan.

Keyin u quyidagilarni gapirib berdi:

«16 mart kuni ertalab soat 7:20lar chamasi, menga navbatchi vrach qo‘ng‘iroq qilib, mufel pechida abort qilingan homila topilganini ma'lum qildi. Homilani pechga chiqindi solayotgan sanitar ayol ko‘rib qolgan. U navbatchi vrachni chaqirgan va u homilani pechdan chiqargan. Keyin ular pech ichida yana bir homila borligini aniqlashgan. Militsiyaga xabar berdilaringmi, degan so‘rovimga navbatchi vrach uchastka noziriga qo‘ng‘iroq qilishgani, biroq u qo‘ng‘iroqlarga javob bermaganini ma'lum qildi. Men 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ro‘y bergan hodisani bayon qilishni talab qildim.

Yigirma daqiqalar o‘tgach, men tug‘ruq majmuasiga keldim, kelganimda majmuaga militsiya xodimlari yetib kelishgan ekan. Mufel pechini sinchiklab tekshirib ko‘rib, uning ichidan yana ikkita abort qilingan homilani chiqarib oldik. Shunday qilib, ularning soni to‘rttaga yetdi. Bu vaqtga kelib, shahar hokimligi, prokuratura xodimlari, shahar tibbiyot birlashmasi rahbariyati ham voqea joyiga yetib kelishdi.

Huquq-tartibot organlari har bir fakt, har qanday detalni sinchiklab o‘rganishga kirishib ketishdi. Tug‘ruq majmuasining ko‘p ishchilari: sanitarlar, vrachlar, shuningdek men ham so‘roqqa tutildik. Tergov harakatlari hamon olib borilmoqda, shu sababli men barcha tafsilotlarni oshkor eta olmayman. Shunisini aytishim mumkinki, ushbu noqonuniy abortlar bizning muassasada amalga oshirilmagan. Afsuski, bu jinoyatkorona harakatlarga bizning xodimlarimiz ham — vrach va sanitarka aralashib qolishgan.

Abortlar ikki xususiy tibbiy klinikalarda amalga oshirilgan. Ularda mufel pechlari bo‘lmaganligi sababli, biznikidan foydalanishgan. Homilalarning jasadini sanitarkamizga uzatib turishgan, u esa nobud bo‘lgan go‘daklarni pechkada kuydirgan. O‘sha kuni gaz bosimi pastligi tufayli homilalar kuymay qolgan. Bunday noinsoniy xatti-harakatlar qancha vaqt davom etgan? Qancha homila kuydirib yuborilgan? Ular pechga tashlangan vaqtida tirik bo‘lishganmi? Bu kabi savollarga tergov tugagandan keyingina javob berish mumkin bo‘ladi.

Hozircha shunisini aytishim mumkinki, homilalar besh-olti oylik bo‘lishgan. Balkim yetti oylikdir. O‘z tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, olti-yetti oylik chala tug‘ilgan chaqaloqlarni ham saqlab qolish mumkin.

Nega bizning muassasada bunday boshboshdoqlik ro‘y berishi mumkin emas, deyapman? Gap shundaki, topilgan homilalar — homiladorlikni dori vositalari bilan to‘xtatish natijasida dunyoga kelishgan. Buning uchun kamida 10-12 soat yoki undan ham ko‘proq vaqt talab etiladi. Mening o‘zim kuniga bir-ikki marta barcha palatalarni shaxsan aylanib chiqaman, o‘rinbosarim ham barcha bo‘lajak onalardan xabardor bo‘lib turadi. Biz abort qildirish uchun kelgan ayollarni sezmay qolishimiz mumkin emas, chunki ularda tug‘ruq oldi og‘riqlari juda kuchli bo‘ladi.

Hozircha Samarqanddagi vrachlar tomonidan jinoiy tarzda amalga oshirilgan noqonuniy abortlar haqida oshkor bo‘lgan ma'lumotlar shulardan iborat. Bir necha kun avval shu ish bo‘yicha materiallar viloyat IIBdan prokuratura organlariga o‘tkazilgan. www.nuz.uz voqealar rivojini kuzatadi va o‘quvchilarni imkon qadar hammasidan xabardor qilib boradi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev

Mavzuga oid
Top