Taniqli bloger va jurnalist Behzod Qobulov o‘z blogida «Sabablarning sabablari» nomli maqolasini joylashtirdi. U bu safar televideniyeda o‘zgarishlar ro‘y berishini kutib hafsalasi pir bo‘lgani, telejurnalistlar ham tanqid qilish kerak ekan deb bechora o‘qituvchini nishonga ola boshlaganini afsus bilan bayon qilgan.

Nimalar deyishmaydi-ya, bu odamlar... Shu kunlarda Qashqadaryodagi bir maktab haqida «Madaniyat...» kanalida uzatilgan tanqid qizg‘in muhokama qilinayapti.

Mazkur videoni ko‘rarkanman: «Bu jurnalist go‘lmi yoki o‘zini merovlikka olayaptimi?», deb o‘yladim. Madaniyat kanalimi yoki madaniyatsizlikmi? Maktabda konferensiya bo‘layotgan bir paytda o‘qituvchini xonadan izlash mantiqqqa to‘g‘ri keladimi, xonim? O‘zingiz ham maktabda ayollar bayrami yoki Navro‘z nishonlanganda qaqqayib darsda o‘tirmagandirsiz? Bunday paytda hamma hovlida yuradi, hech qanaqasiga dars bo‘lmaydi! Bunda o‘qituvchi aybdor emas!.. Matnni mudhish bir alfozda o‘qib, bu holat «kishini o‘ylantiradi», «kishini xavotirga soladi», «kishini undoq-mundoq qiladi» deb jaqqushlik qilgan jurnalist yigit ham anoyiroqmi, deyman. Og‘ayni, o‘qituvchini namuncha titkilaysan, unga osilmagan sen qoluvding o‘zi! Sen o‘zing kishini ahmoq qilayapsan-ku... Aslida, dars o‘tilayotgan binoni, sharoitni ko‘rib, o‘sha qashqadaryolik o‘quvchiyu ustozlarni birma-bir quchib yig‘laging keladi-yu, ularga haykal qo‘yish kerak-ku!.. Gap nimadaligi, muammoni ularning o‘zi ichkin bir o‘ksiklik bilan aytib turibdi-ku!

Bugun – matbuotga tanqid uchun ruxsat berilgan, davlat rahbarining o‘zi buni talab qilib turgan bir paytda, lattachaynar jurnalistlar «Bismillo» deb, oynaga qarab, o‘ziga tupurishni boshladi. Yelkasidagi yag‘iri hali bitmagan, kattayu kichik hasharlardan qo‘li bo‘shamayroq turgan o‘qituvchiga ta'na toshlarini otish, meni nazarimda, o‘ziga tupurish. 

Yana bir qiziq holat. Ikki kundirki, barcha saytlarda davlat rahbarining videoselektorda TV haqida gapirganiyu, tanqidiy ko‘rsatuvlar tayyorlash yuzasidan topshiriq berganini yozishdi. Xo‘p. Shuncha yaxshi gaplar bo‘libdi, qani, telekanallarimizni bir ko‘raylikchi, «Axborot»jon lola sayli yaqinligi haqida so‘zbo‘ron boshlaydimi yoki «do‘llirchi bratanlar»ni iqtisod dushmanlari etib ko‘rsatadimi, degandek xayol keldi. Yo‘q. Shoshma. Nimanidir unutdim. Meni tentakka chiqarsangiz ham kallamga kelgan utopiyani aytaman. Xullas, tasavvur qildimki, shundoq Televizorni yoqsam, jonsarak muxbirlar Markaziy bankning kattasini, Moliya sohasi boshida turganlarni yirik planda ko‘rsatib: «Pulimizani maqivossila?» deb savolga tutsa... Bir cho‘chib, tushimmi-o‘ngimmi, yopiray, deb narigi kanalga olsam, test markazining rahbari «Bunker, kalla, RG, shpargalka, X variant uchun xalqimizdan uzr so‘rayman», deb o‘kinib, astoydil ko‘z yosh to‘kib o‘ltirgan bo‘lsa... Stop. Bu xayol. Kechirasiz, bachkanalik qildim.