13:57 / 03.04.2017
8569

Rossiya korxonalaridan biridagi portlash natijasida ikki o‘zbekistonlik jabrlandi

Yuqori Tagildagi "Ural qo‘rg‘oshin kompaniyasi" MChJ sanoat korxonasida metall eritish qozoni portlashi natijasida O‘zbekiston va Rossiya fuqarolari jabrlangan. Bu haqida Sverdlovsk viloyati prokuraturasi kotibasi Marina Kanatovaning so‘zlariga asoslanib, TASS agentligi xabar berdi. 

"Halok bo‘lgan va jabrlanganlardan biri - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari. Yana ikki jabrlanuvchi - RF fuqarolari", - dedi Kanatova.

Favqulodda holat yuzasidan RF JKning 216-moddasi (ish faoliyatida xavfsizlik qoidalarining buzilishi)ga binoan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Sverdlovsk viloyati prokuraturasi "Ural qo‘rg‘oshin kompaniyasi"dagi sanoat xavfsizligi qoidalari, shuningdek migratsion qonunchilikka rioya qilinishi bo‘yicha tekshiruvlarni yo‘lga qo‘ydi.

RF Tergov qo‘mitasi bo‘limida xabar berilishicha, jinoiy ish bo‘yicha zarur tergov choralari ko‘rilmoqda. Qo‘rg‘oshin eritish jarayoni hamda korxonadagi mehnat muhofazasiga oid hujjatlar ko‘zdan kechirilmoqda, korxona xodimlarining lavozimga doir ko‘rsatmalari tahlil qilinmoqda. Tergov davom etmoqda. 

Ta'kidlash joizki, Yuqori Tagildagi favqulodda hodisa natijasida 1 ishchi halok bo‘lgan, 3 nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga joylashtirilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 3 aprelga o‘tar kechasi qo‘rg‘oshin eritiluvchi qozon portlaggan, shundan so‘ng sexning 60 kvadrat metrli maydonida yong‘in boshlangan. Rossiya FVV Sverdlovsk bo‘limining xabar berishicha, yong‘inni o‘chirishga shaxsiy tarkibdagi 15 nafar o‘t o‘chiruvchi va 4 ta texnika jalb qilingan. 

Top