14:46 / 04.04.2017
8594

Yaponiya Janubiy Koreya bilan talashayotgan Tokto orollariga yaponcha nomlar berdi

Yaponiya geografik palatasi Janubiy Koreya bilan talashilayotgan va koreyslar Tokto, yaponlar Takesima deb atovchi qoyali orollar guruhiga 11ta yaponcha nomni tasdiqlagan, — deya xabar berdi Kiodo agentligi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, ikki asosiy orol Ojima ("Erkak orol") va Mejima ("Ayol orol ") deb nomlangan, garchi ilgari hattoki Yaponiyada ham xaritalarda ular koreyscha "G‘arbiy" va "Sharqiy" orollar degan nomlar bilan belgilanar edi. 

Tokto arxipelagiga yaponlar ilk bor yaponcha nomlashni 2007 yildayoq qo‘llay boshlashgan edi. Janubiy Koreyaning Yonhap agentligining xabariga ko‘ra, 2012 yilda Janubiy Koreya ikki orol o‘rtasidagi dengiz qoyalariga o‘z nomini bergan, bu esa yaponlarning keskin e'tiroziga sabab bo‘lgan. Bunga javoban yaponlar o‘z toponimini o‘ylab topishgan.

1905 yilda orollar Takesima nomi ostida Yaponiya hududi deb e'lon qılingan edi. Yaponiya vazirlar mahkamasi uni Simane prefekturasi tarkibiga qo‘shgan. Ikkinchi jahon urushi tugagach, arxipelag koreyslar ixtiyoriga o‘tgan va ayni paytda Janubiy Koreya tomonidan nazorat qilinmoqda. Seul Yaponiyaning Toktoga bo‘lgan da'vosini inobatga olmaydi va uni asl koreys yerlari deb biladi. Hozircha orollarga nisbatan yaponcha yangi nomlar paydo bo‘lganiga Janubiy Koreya hukumati reaksiya bildirmagan.

E'tiborlisi shundaki, orollarning qayta nomlanishi 9 aprel kuni chaqirib olgan Yaponiyaning Seuldagi elchisi Yasumasi Nagaminening yana o‘z ishiga qaytgan kuniga to‘g‘ri kelgan. Elchining chaqirib olinishiga Pusan shahrida Yaponiya bosh konsulligi binosining ro‘parasida Ikkinchi jahon urushi yillarida yapon askarlari tomonidan jinsiy tajovuzga uchragan koreys ayolining obrazli haykali o‘rnatilgani sabab bo‘lgan edi. 

Yaponiya va Janubiy Koreya Osiyo-Tinch okeani mintaqasida AQShning eng yaqin ittifoqchilari hisoblanishadi va bu alyansning taqdiri Seul va Tokio o‘rtasida azaldan taranglashib kelayotgan munosabatlarga ham bog‘liq.

Mavzuga oid
Top