18:51 / 04.04.2017
7104

Dushanbega reys 11 aprel kuni bo‘lishi ehtimoli mavjud

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Toshkentdan Dushanbega 4 aprel kuni amalga oshishi kerak bo‘lgan, ammo yetarlicha yo‘lovchilar topilmagani tufayli qoldirilgan reysi 1 haftadan keyin, 11 aprel kuni amalga oshishi mumkin. Bu haqda aviakompaniya vakili Orif Ro‘zimurodovga asoslangan holda xabar bergan.

«Tojikistondagi vakolatxonani ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni yakunlandi. Afsuski belgilangan kunda parvozni amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. Hafta oxiriga qadar biz qolgan masalalarni hal qilib, 11 aprel kuni parvozni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz», degan u.

2016 yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Tojikiston 1992 yili to‘xtatilgan aviaqatnovlarni 2017 yil boshida qaytadan yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan edi. Aviareyslarni Tojikiston tomonidan Somon Air, O‘zbekiston tomonidan «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyalari amalga oshirishi belgilangandi. 

Somon Air aviakompaniyasining Toshkentga birinchi reysi 20 fevralga rejalashtirilgan edi, ammo aviakompaniya zarur hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmagani sababli parvoz bekor qilindi.

Mart oyida «Toshkent—Dushanbe» reysi bo‘yicha parvozlar 4 apreldan boshlanishi va haftada ikki marta amalga oshirilishi ma'lum qilingandi. Ushbu reys parvozlari MAK parvoz jadvaliga kiritilgan bo‘lib, ularni seshanba va shanba kunlari amalga oshirish belgilangan. Chiptalar mart oyi boshidan buyon sotilmoqda.

3 aprel kuni ushbu aviareys yo‘lovchilar kamligi sabab bekor qilingani ma'lum bo‘ldi.

Top