Kun.uz nashrida 3 aprel kuni «Kartoshka nega qimmat?» savoliga javob izlab...» sarlavhali maqola berildi.

Ushbu maqolada kartoshkaning nega qimmatlashib ketgani sababi qidirilgani, lekin aytarli javob topilmagan deb hisoblagan jurnalist Lutfullo Tursunov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Bugungi kunda juda dolzarb bo‘lib turgan ushbu savolga aniq javob bo‘lmasa-da, bir hudud misolida ayrim sabablarni, muammoli masalalarni izohlab o‘tmoqchiman.

Respublika kartoshka zaxirasining sezilarli qismini Samarqand viloyatining Tayloq, Urgut, Bulung‘ur va Jomboy tumanlari yetishtirib beradi. Hosil asosan fermerlar va fermerlik yerlari hamda tomorqalarda mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtiriladi. 

O‘tgan yili ushbu tumanlar odatdagi miqdorda hosil yetishtira olmadi. Bunga asosiy ikki sabab bor:
Birinchisi, 2015 yilgi yozgi va kuzgi hosil mo‘l bo‘ldi. Yuqorida sanalgan tumanlar dehqonlari tomonidan katta miqdorda hosil yig‘ishtirib olindi. Ammo kartoshkaning narxi uni yetishtirishga – urug‘lik, yerni tayyorlash, o‘g‘it va hosilga ishlov berish (zararkunandalarga qarshi kurashish) xarajatlarini qoplash darajasiga ham yetmadi. Kartoshka ulgurji narxining 300-400 so‘mga tushib qolishi va hosilni ulgurji sotib oladigan xaridorlarning topilmagani tonnalab kartoshkaning sotilmay qolib ketishi va oqibatda chiqindixonalarga chiqarib tashlanishi bilan yakun topdi. Hosilning ma'lum qismi isrof bo‘ldi, dehqonlar esa jiddiy zarar ko‘rdi. Shu sabab 2016 yilgi mavsumda bu hududda kartoshka ekilgan maydonlar keskin qisqardi. Tomorqalarda yetishtiriladigan hosil pasaydi. Avvalgi yilda jiddiy zarar ko‘rgan dehqonlar bu yil ham kartoshka ekishga xavotirlanib qolishdi, ko‘pchiligida esa urug‘lik, o‘g‘it sotib olish va hosilga ishlov berishga yetarli mablag‘i bo‘lmagani uchun bu ishga qo‘l urishmadi. 

Ikkinchisi, so‘nggi 2-3 yildan buyon Tayloq, Urgut, Bulung‘ur va Jomboy tumanlari dehqonlarini yangi paydo bo‘lgan zararli hashorat – «kapalak qurti» (mahalliy tilda shunday nomlanadi) jiddiy qiynab kelmoqda. Dastlab, Tayloq tumani hududida paydo bo‘lgan bu zararkunanda keyinchalik qo‘shni tumanlarga ham tarqaldi va kartoshka hosili yetishtirishda qiyinchilik tug‘dirib kelmoqda. Dehqonlarning aytishicha, bu zararkunanda oldida Kolorado qo‘ng‘izining zarari ham hech narsa bo‘lmay qolgan. «Kapalak qurti» kartoshka hosilga kirishidan boshlab unga zarar keltirishni boshlaydi. Hosil kavlab olinganidan keyin ham uni saqlashga yo‘l qo‘ymaydi. Bir necha hafta ichida hosilning sezilarli qismini zararlantiradi va «kapalak qurti» tushgan kartoshka bir necha kun ichida chirib qoladi. Zararkunandani yo‘qotish uchun esa qancha kimyoviy vositalar ishlatilmasin, foydasi bo‘lmayapti. Bu dehqonlarning kartoshka yetishtirishiga ham jismoniy, ham moddiy zarar keltiryapti.