21:06 / 04.04.2017
26280

Prezident davlat maslahatchisi bilan yuzma-yuz: fuqarolar o‘z muammolarini ochiq aytishdi 

3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Chilonzor tumani aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi. 

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas'ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash xizmati rahbari Xudoybergenov Tursinxon Aydarovich, Oliy sud raisi Sh.Gaziyev, Oliy xo‘jalik sudi raisi K.Komilov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri R.Qosimov, Favqulodda vaziyatlar vaziri R.Jo‘rayev, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev, Sog‘liqni savlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari A.Mirzayev,  Mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Qilichev, Adliya vaziri o‘rinbosari X.Qarshiyev, Mehnat vaziri o‘rinbosari B.Nizomov, Davlat soliq qo‘mitasi o‘rinbosari E.Gadoyev, “O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi raisi birinchi o‘rinbosari Sh.Nazarov, Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov va boshqa tegishli idora rahbarlari ishtirok etishdi. 

Sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalarigacha tuman aholisi tomonidan yo‘llangan murojaatlar ko‘rib chiqildi. 

Joriy yilning 3 aprel kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga mamlakat fuqarolari va tabdirkorlaridan jami 638 148 murojaat kelib tushgan. Ularning 144 756 tasi (22,7%) Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar tomonidan yuborilgan. 

Mazkur murojaatlarning 138 443 tasi (95,6%) jismoniy shaxslardan hamda 6313 tasi (4,4%) yuridik shaxslarga tegishlidir. 

Chilonzor tumani bo‘yicha murojaatlari soni jami 15640 tani tashkil etadi. Shundan 14 926 tasi jismoniy shaxslardan, 714 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 13 929 tasi ko‘rib chiqilgan. 1 711 murojaat esa ayni damda ko‘rib chiqilmoqda. 

Bugun o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli idora rahbarlariga o‘z muammolarini aytib, javob olishga muvaffaq bo‘lishdi. Murojaatlarning aksariyati yechimini topdi, ba'zi muammolarni esa batafsil o‘rganish bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilot vakillariga tegishli topshiriqlar berildi. 

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilayotganda ayrim mutasaddi rahbarlar o‘z vazifasiga loqaydlik va mas'uliyatsizlik bilan yondashayotgani ham aytib o‘tildi. Insonlarning qonuniy murojaatlarini e'tiborsiz qoldirmasdan qisqa muddatda hal qilish davlat idoralari rahbarlarining birinchi darajali vazifasi ekani alohida qayd etildi.

Top