Jismoniy shaxs tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan tashqari mol-mulkini ijaraga berishdan olgan daromadi bo‘yicha dastlabki deklaratsiyalarni ham taqdim etishlari lozim, deb xabar beradi Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati.

Jismoniy shaxs tomonidan jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan tashqari mol-mulkini ijaraga berishdan olgan daromadi bo‘yicha dastlabki deklaratsiyalarni ham taqdim etishlari lozim.

Mol-mulkini ijaraga berish orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar tomonidan, ijaradan daromadlar paydo bo‘lgan kundan e'tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kunlik muddatda dastlabki deklaratsiya hamda hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilishi lozim.

Jismoniy shaxslarning mol-mulkni ijaraga berishdan olgan daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish tartibining farqli jihatlaridan biri shundan iboratki,

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 30 dekabrdagi 1675-sonli qarori bilan 2012 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning soliq solinadigan eng kam daromadini aniqlash maqsadida uy-joyni ijaraga berganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorlari joriy qilingan. Unga ko‘ra, ijaraga berilayotgan turar joylarning 1 m2 maydoni uchun oylik ijara to‘lovining eng kam miqdorlari Toshkent shahrida - 4,5 ming so‘mni, Nukus shahri va viloyatlar bo‘ysunuvidagi shaharlarda - 3,0 ming so‘mni, - boshqa aholi punktlarida - 1,5 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilda o‘tgan yildagi me'yorlar 1,5 barobarga indeksatsiya qilindi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2013 yil 25 dekabrdagi 2099-sonli qaroriga muvofiq 2014 yil 1 yanvardan boshlab soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarning noturar joyni va avtotransport vositasini ijaraga berganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdorlari joriy qilindi. Unga ko‘ra, ijaraga berilayotgan noturar joylarning 1 m2 maydoni uchun oylik ijara to‘lovining eng kam miqdorlari Toshkent shahrida - 9,0 ming so‘mni, Nukus shahri va viloyatlar bo‘ysunuvidagi shaharlarda - 6,0 ming so‘mni, boshqa aholi punktlarida- 3,0 ming so‘mni;

Avtotransport vositalari uchun esa oylik ijara to‘lovining eng kam miqdorlari 1 ta avtotransport vositasi uchun:

- yengil avtomobillar (yo‘lovchi, (bagaj) tashish uchun mo‘ljallangan va haydovchi o‘rindig‘ini hisobga olmagan holda 8 ta o‘rindiqqacha bo‘lgan avtotransport vositalari) bo‘yicha - 330 ming so‘mni;

- mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk tashish avtomobillar uchun - 645 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilda o‘tgan yildagi me'yorlar 1,5 barobarga indeksatsiya qilindi.