00:41 / 04.04.2017
28344

O‘zbekiston–Rossiya: 4 mlrd. dollarlik bitim imzolanishi kutilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida Moskvaga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ raisi Ochilboy Ramatov boshchiligidagi delegatsiya yetib kelgan, deb xabar beradi Sputnik.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ raisi Ochilboy Ramatov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya qatnashchilari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida summasi 4 milliard AQSh dollaridan ortiq ikkitomonlama idoralararo hujjatlar imzolash tantanali marosimining alohida qismida ishtirok etadi, deya xabar bergan O‘zbekistonning RFdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Hujjatlarning asosiy qismi O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning 4–5 aprel kunlariga mo‘ljallangan davlat tashrifi mobaynida imzolanadi.

Bundan tashqari, Ural kon-matellurgiya kombinati holdingi bilan O‘zbekistondagi Tebinbuloq konidagi tarkibida vannadiy mavjud bo‘lgan titanmagnetit rudalarini o‘zlashtirish, po‘lat quyishni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish borasida 1,5 milliard dollarlik memorandum ham imzolanadi. O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, "Gazprombank" AJ va Rossiya Federatsiyasining eksport-kredit agentligi o‘rtasida O‘zbekistonda investitsion loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 500 mln. AQSh dollari summasiga teng doiraviy bitim tuziladi.

Shuningdek, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ va "RIVS" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi YoAJ o‘rtasida 500 million dollarga mutlaqo yangidan barpo etiluvchi mis boyitish kompleksi qurilishi borasida hamkorlik haqidagi bitim, "Asakabank" va "Gazprombank" AJ o‘rtasida Toshkentda 88 million dollarga metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini moliyalashtirish haqida doiraviy bitim, "Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi" AJ maydonlarida qishloq xo‘jaligi texnikalarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkillashtirish haqidagi bitim va boshqa bir qator muhim hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, "O‘zagroeksport" AJ va "O‘zagroeksport" savdo uyi MChJ o‘rtasida Rossiyaga 612 million dollarlik yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish haqida shartnoma, "O‘zbekneftgaz" MHK va Rossiya Federatsiyasi energetika vazirligi o‘rtasida 225 million dollarlik Rossiya neftini O‘zbekistonga yetkazib berish borasida memorandum, "Olmaliq KMK" AJ va "IZKARTEKS" MChJ Ijorsk ekskovator zavodi o‘rtasida 100 million dollarlik ekskovator texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik bitimlari ham imzolanadi.

Imzolash marosimi qatnashchilari savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida ikkitomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilib, jumladan, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari, istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish borasida fikr almashishadi.

Top