10:25 / 05.04.2017
10097

Tramp Xitoy rahbariga jiddiy talablarni ilgari surishi ma'lum qilindi

AQSh Xitoy bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash tobora qiyinlashib bormoqda, deb hisoblayapti va shu sababli Pekin ma'muriyatidan savdo to‘siqlarini olib tashlashni talab qiladi. Oq uy ma'muriyatining yuqori lavozimli vakili jurnalistlarga shu haqda ma'lum qildi. 

"Qator ikki tomonlama iqtisodiy masalalarda rivojlanish tobora qiyinlashmoqda", — deya uqdirgan Oq uy vakili. U Xitoyni iqtisodiyotda davlatning emas, bozorning hal qiluvchi o‘rin tutishi qoidasiga rioya qilmayotganlikda aybladi. 

U, shuningdek, AQSh prezidenti Tramp 6-7 aprel kunlari Si Tszinpin bilan o‘tkazadigan uchrashuvida Xitoydan "tizimli ravishda barpo qilgan savdo to‘siqlarini qisqartirish"ni talab qilishini ma'lum qildi. 

Bundan tashqari, "Prezident Tramp mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlardagi nomutanosiblik AQSh ishchilariga ta'sir ko‘rsatayotganidan tashvishda bo‘lgani sababli ushbu masalalarga adolatli va amaliy kayfiyatda yondashish niyatida", — degan ma'muriyat vakili. 

Shu bilan birga, AQSh Xitoyning noroziligiga qaramay, Janubiy Koreyada THAAD tizimlarini o‘rnatishdan qaytmaydi. "Qo‘shma Shtatlar har doim ittifoqchilari va o‘z mamlakatini har qanday tahdiddan, ayniqsa KXDR tuzumi hamda ular ishlab chiqarayotgan dahshatli quroldan himoya qiladi", — degan yuqori lavozimli mulozim. 
Donald Tramp 2017 yil 6-7 aprel kunlari Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida XXR raisi bilan uchrashadi.

Top