O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning qo‘shma bayonoti O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 2017 yil 4-5 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. 

An'anaviy do‘stona, ishonch va konstruktiv muhitda o‘tgan muzokaralarda Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikning holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va bir-birlarining manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslangan davlatlararo muloqotning yuqori darajada ekanligini tasdiqladilar. 

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajada rivojlanishiga imkon beradigan 2004 yil 16 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2012 yil 4 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani amalga oshirishning dolzarbligini tasdiqladilar. 

Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi bunday munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanligini ta'kidladilar. Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo aylanmasini, eng avvalo, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar va ikkala tomon uchun qiziqish uyg‘otadigan boshqa tovarlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish hisobiga keskin oshirishni ta'minlash kabi faoliyatga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya faoliyatini yuqori baholadilar. 

Prezidentlar O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya bozorlariga, shu jumladan, «yashil yo‘lak» tizimini joriy qilish orqali yetkazib berishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida hamkorlikning muvaffaqiyatli rivojini mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

Prezidentlar ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish uchun Mintaqalararo hamkorlikka ko‘maklashish to‘g‘risida bitim imzolanishining ahamiyatini ta'kidladilar.