12:22 / 07.04.2017
5793

Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

2017 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentga MDH ishtirokchi davlatlari Tashqi siyosat idoralari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlar ikki tomon kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, 2016 yil 24 dekabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston uchrashuvi va uning yakunlari tomonlarda mavjud masalalarni o‘zaro hurmat asosida va bir-birining manfaatlarini inobatga olgan holda muhokama qilish va yechish uchun siyosiy iroda mavjudligini tasdiqlaydi.

Aloqalarning so‘nggi vaqtlardagi faollashuvi, keng jamoat vakillari ishtirokida turli darajadagi delegatsiyalar tashriflarining qizg‘in almashinuvi ikki tomon ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan manfaatdor ekanligiga guvohlik berishi qayd etildi.

Uchrashuvda Qirg‘iziston elchisi Daniyar Sidiqov ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top