07:51 / 07.04.2017
5322

Hillari Klinton boshqa saylovlarda ishtirok etmasligini aytdi

AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan Hillari Klinton boshqa hech qanday lavozim uchun saylovlarda ishtirok etmoqchi emas. Klinton bu haqda Nyu-Yorkda o‘tgan "Dunyoda ayollar" forumida jurnalistlarga ma'lum qildi. 

"Men biror qiziqroq narsa bilan mashg‘ul bo‘lmoqchiman. Bu mening yangi saylovlarda ishtirok etishimni nazarda tutadi, deb o‘ylamayman", deb aytgan Klinton CNN telekanaliga bergan intervyusida.  

"Menda rejalar yo‘q. Menda biror qiziq mashg‘ulot topishdan bo‘lak umuman hech qanday reja yo‘q", deb qo‘shimcha qilgan Klinton.

Aytish joizki, bu Klintonning bir necha oy ichidagi ilk intervyusi bo‘ldi va u bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarmay, Rossiyani AQShdagi saylovoldi kampaniyasiga "tajovuzkorona" aralashganlikda navbatdagi marta aybladi. Uning aytishicha, agar demokratlar respublikachilar bilan birlashmasalar va "aybdorlarni ular kim bo‘lishlaridan qat'iy nazar, javobgarlikka tortish uchun birgalikdagi sa'y-harakatlarni amalga oshirmasalar, bu takror va takror davom etaveradi".  

Avvalroq OAV Klinton kuzda o‘z nomzodini Nyu-York meri lavozimi uchun saylovlarga qo‘yishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Top